Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sanoatini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 433-sonli qarorida shu haqida maʼlum qilingan.
Ushbu Nizom, gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiyachi va hamroh-yoʻriqchilar uchun malaka imtihonini oʻtkazish hamda malaka sertifikati va beyjiklarini berish tartibini belgilaydi. Nizomda malaka sertifikati va beyjiklarini olishni istagan daʼvogarlar uchun malaka talablari, shuningdek muayyan toifani berish tartibi belgilab qoʻyilgan.
Malakaviy imtihon ikki bosqichda oʻtkaziladi:
1. Maxsus avtomatlashtirilgan tizim yordamida test oʻtkazish. Maxsus avtomatlashtirilgan tizim nomzod uchun test topshiriqlarini takrorlash imkoniyatini istisno qiladi va test tugashi bilanoq uning natijalarini namoyish etadi;
2. Ogʻzaki, namoyish shaklida. Namoyish imtihoni birinchi marta malaka imtihonida ishtirok etayotgan nomzodlarning ekskursiya koʻnikmalari va materiallarni bilish darajasini baholash maqsadida oʻtkaziladi.
Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiyachilar va hamroh-yoʻriqchilar malakasini xolisona baholash uchun malaka komissiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Turizmni rivojlantirish institutining masʼul xodimlari, tarix, arxitektura, dinshunoslik, tilshunoslik sohasidagi oliy oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalar vakillari hamda turizm sohasi subyektlari, shuningdek oliy toifali gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiyachi va hamroh-yoʻriqchilar jalb etiladi.
Malaka imtihonini oʻtkazish hamda malaka guvohnomasi va beyjigini berishga doir butun ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirish uchun Turizmni rivojlantirish instituti masʼul organ hisoblanadi. Nizomda malaka sertifikatini berishni rad etish, bekor qilish va toʻxtatish shartlari aniq belgilab qoʻyilgan. Shu bilan birga, talabgor malaka imtihoni natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda, unga apellyatsiya berish shartlari ham koʻzda tutilgan.
Mazkur Nizom talablariga rioya etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi. Nizom talablarini buzganlikda aybdor deb topilgan shaxslar Qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.