Shu oʻrinda, mazkur hududdagi “Qoʻrgʻon” va “Chorsu” mahallalari negizida “Turizm mahallasi”ni tashkil etish boʻyicha viloyat va tuman hokimliklari hamda viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti masʼullari hamkorligida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

“Qoʻrgʻon” va “Chorsu” mahallalaridagi mavjud tarixiy, moddiy va madaniy meros obyektlarini aslicha saqlab qolish barobarida hududning turizm salohiyatini yana-da oshirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda. Qoʻrgʻon hududining 18 gektar maydoni 1:500 masshtabli toposyomkasi tayyorlanib, tashabbuskor “DJ Progect building” tomonidan qadimiy “Gʻijduvon qoʻrgʻoni”ning dastlabki loyihasi ishlab chiqildi.


Xalqaro ekspertlar hamda Oʻzbekistondagi Markaziy Osiyo xalqaro tadqiqotlar instituti boshchiligida XIX asrga oid “Bozori qaymoq”, “Boloyi qassobon”, “Boborahimboy” masjidlari va XVI asrga oid “Eski tosh hammom” kabi qadimiy obyektlardagi qayta taʼmirlash va tiklash ishlari yakunlanib, mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar tashrifiga tayyorlangan.

“Bozori Qaymoq” masjidi oldida esa mehmonlarga qulaylik yaratish maqsadida milliy uslubdagi 2 ta ayvon tashkil etilgan. Tumandagi qadimiy “Qoʻrgʻon” mahalasi hududida joylashgan, XVI asrga oid “Eski tosh hammom”ni asl tarixiy hammom sifatida foydalanishga tayyorlash ishlari yakunlanib, qayta oʻz faoliyatini boshladi.

Shuningdek, viloyat boʻylab mavjud moddiy va madaniy merosni asrab-avaylash mahalliy va xorijiy mehmonlarni keng jalb qilish borasidagi ustuvor vazifalar ijrosi davom ettirilmoqda.

“Gʻijduvon qoʻrgʻoni” ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantiriladi