Bojxona organlari tomonidan mamlakatimizga aksiz markalari bilan markalanmagan va sifatini kafolatlovchi hujjatlari boʻlmagan tamaki hamda alkogol mahsulotlarini noqonuniy olib kirishga boʻlgan urinishlarga qarshi tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Jumladan, Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi “Fargʻona” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan qoʻshni davlatdan mamlakatimizga kirib kelayotgan fuqaro Yu.B. boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi bojxona nazoratidan oʻtkazilganida avtomashina salon qismiga va yukxonasidagi qoʻshimcha gʻildiragi ichiga ustalik bilan joylangan, xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovida maʼlum qilinmagan hamda aksiz markalari bilan markalanmagan
5 dona 5 litr hajmli sellofan paketlarda jami 25 litr spirtli ichimliklar va 32 dona 14,4 litr alkogolli energetik ichimliklar yashirilganligi aniqlandi.

Yana bir shunga oʻxshash holatda mazkur post orqali Oʻzbekistonga kirish uchun harakatlangan fuqaro Yu.Sh. boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtotransport vositasi ham bojxona nazoratidan oʻtkazilganida, mashinada bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovida maʼlum qilinmagan hamda aksiz markalari bilan markalanmagan avtotransport vositasining oldi eshiklari orasiga va yukxonasi ichiga yashirilgan 500 quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.