Gips haykallar bronzaga almashtirilmoqda

    Madaniyat 29 Oktabr 2020 2784

    Mana, bir necha oydirki, “Milliy bogʻ” metro bekatining kunchiqar tomonidagi Adiblar xiyoboni Toshkentning eng soʻlim va sokin goʻshalaridan biriga aylandi. U yerda yigirma besh nafar yozuvchi-shoirimizga bronza, mis va gipsdan haykallar oʻrnatildi.

    Ular oʻn uch nafar haykaltarosh tomonidan ishlangan sanʼat asarlaridir. Xususan, bu yil yangi oʻrnatilgan haykallarning aksari gipsdan ishlangan edi. Bilasiz, gipsdan yasalgan yodgorlikning umri qisqa, yomgʻir-qorga chidamsiz boʻladi. Shu bois ularning tezda toʻkilish ehtimoli katta.

    Bundan oʻn yillar avval Oybek, Abdulla Qahhor, Gʻafur Gʻulom, Zulfiya, Said Ahmad va Saida Zunnunovaga gipsdan oʻrnatilgan yodgorliklar uzoq yillar turib qolgani bois toʻkilib ketganini koʻpchiligimiz bilamiz. Keyinchalik bu haykallar mis va bronzaga almashtirildi.

    Qorli-qirovli kunlar boshlanmasdan avval, yaʼni ayni kunlarda Adiblar xiyobonidagi Ogahiy, Berdaq, Muqimiy, Furqat, Mahmudxoʻja Behbudiy, Toʻlepbergen Qayipbergenov, Aleksandr Faynbergning gipsdan yasalgan haykallari bronza almashtirilmoqda.

    – Masalan, Muqumiyning bronzadan ishlangan haykali 2,5 tonna, – deydi haykaltarosh, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabasi Javlon Annazarov yodgorlik oʻrnatilayotgan mahal. – Uni 20 nafarli jamoa boshqa haykallar bilan birgalikda bir oy davomida ishladik. Men ularning texnik tomonlariga yordam beraman. Ushbu yodgorliklar asrab-avaylansa, hadeb silliqlanavermasa (shlifovka) asrlar davomida saqlanadi.

    Aytishlaricha, noyabr oyida Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Abdulla Avloniy, Ibroyim Yusupov singari yozuvchi-shoirlarning gipsdan ishlangan haykallari bronzaga oʻzgartiriladi. Oʻzbek adabiyotining atoqli namoyandalaridan biri, mashhur shoir, zabardast dramaturg, adabiyotshunos olim va tarjimon Maqsud Shayxzodaga esa biratoʻla bronzadan haykal oʻrnatiladi.

    Ustoz yozuvchi-shoirlarning ruhlari shod, oxiratlari obod boʻlsin. Adiblarimizning ijodini oʻrganishdan sira toʻxtamaylik. Ishonamizki, bugun shu zaminda ularning davomchilari ulgʻayyapti.

    Fozil Farhod,

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati rahbari.

    Ahmad Toʻra olgan foto