«Gʻishtkoʻprik« postida bugʻu shoxlarini yashirin olib oʻtayotganlar ushlandi

    Bugʻular Yevrosiyoning mamlakatlarida uchraydi va ular Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobi roʻyxatiga kiritilgan.

    Toshkent viloyati “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona posti orqali yurtimizga kirib kelgan ikki nafar fuqaro bojxona koʻrigidan oʻtkazilganda bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilmagan va ogʻzaki soʻrovda maʼlum qilinmagan hayvon shoxlari borligi aniqlandi.

    Qayd etilishicha, postga kirib kelgan avtoulovning yuk xonasida 600 dona hayvon shoxlari boʻlgan.

    Shuningdek, “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan fuqaro oʻziga tegishli boʻlgan qoʻl yuklari bojxona koʻrigidan oʻtkazilganida, 2 dona qopda ogʻzaki soʻrovda maʼlum qilinmagan hamda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida yozib koʻrsatilmagan 117 dona shoxlar fosh etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti ekspertiza xulosasiga koʻra aniqlangan shoxlar bugʻu turiga mansubligi maʼlum boʻldi.

    Maʼlumot uchun, bugʻular Yevrosiyoning mamlakatlarida uchraydi va ular Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobi roʻyxatiga kiritilgan.

    Hozirda holat yuzasidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.