Samarqand viloyati IIBning “Jinoyatchilikka qarshi kurash” tezkor profilaktik oyligini oʻtkazish rejasiga asosan, viloyat hududida uyushgan jinoyatchilik va giyohvand vositalar tarqalishining oldini olish maqsadida Oqdaryo tumanida yashovchi, jinoyat sodir etishga moyil boʻlgan 17 nafar fuqaroning yashash xonadonida tintuv-tergov harakatlari oʻtkazilgan.
Maʼlum qilinishicha, Oqdaryo tumani “Galaravot” MFY Qoraxitoy qishlogʻida yashovchi 1949-yilda tugʻilgan Gʻ.Ch.ning yashash xonadonida paketlar va qoplarda saqlanayotgan taxminan 3 kilogramm oʻtkir hidli, koʻknorga oʻxshash oʻsimlikning quruq holda saqlanayotgani aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.
Oqdaryo tumani Dahbet shaharchasi “Bozorjoy” MFYda yashovchi, H.S.ning yashash xonadonidan taxminan 500 grammga teng boʻlgan oʻtkir hidli, koʻknor oʻsimligiga oʻxshash, quruq holda saqlanayotgan oʻsimlik daliliy ashyo tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Oqdaryo tumani Loyish shaharchasida yashovchi 1990-yilda tugʻilgan J.T.ning yashash xonadonida bir dona elektroshoker qurilmasi mavjud ekani aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Oqdaryo tumani “Olchintepa” MFYda yashovchi, K.U.ning yashash xonadonida 2 dona oʻtkir tigʻli pichoq va 1 dona kastet mavjud ekani aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Qayd etilishicha, olib borilgan tezkor profilaktik tushuntirish ishlari natijasida Oqdaryo tumani Avazali mahallasida yashovchi 1967-yilda tugʻilgan B.Sh. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. U, marhum qaynotasining uyini qayta qurishga yordamga borganda, tom qismidan topilgan ov quroliga tegishli 101 dona 5,6 kalibrli va 53 dona 5,6 kalibrli shovqin chiqaruvchi patronlarni oʻz xohishi bilan topshirgan.