Giyohvandlik moddalari savdosi bilan shugʻullanib kelayotgan shaxslar qoʻlga olindi

    Qirgʻiziston va Tojikistondan olib kelingan jami 11,2 kg. giyohvandlik vositasi musodara qilingan.

    Bu haqda viloyat DXX matbuot xizmati maʼlum qildi.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tadbir oʻtkazilgan.

    “Chortoq-Namangan” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli transport vositasi toʻxtatilib, koʻzdan kechirilgan.

    Natijada, avtomashinada yoʻlovchi sifatida ketayotgan Chortoq tumanida yashovchi, 1986-y.t., muqaddam sudlangan shaxsning yonida2 kg. 47 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

    Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham kelgusida sotish maqsadida saqlanayotgan 4 kg. 942 gr. “gashish” moddasi topilgan. Jami 6 kg. 989 gr. “gashish” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu narkotik moddalar muqaddam qirgʻizistonlik narkokuryerlar tomonidan Chortoq tumaniga olib kelinib, xufiya joyga qoldirib ketilganligi maʼlum boʻlgan.

    Davlatobod tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Yangiqoʻrgʻon tumanida yashovchi, 1996-y.t., muqaddam sudlangan shaxs oʻziningboshqaruvida boʻlgan “Lasetti” rusumli avtomashinada 1 kg. 842 gr. “gashish” moddasini Namangan shahrida istiqomat qiluvchi, 1984-y.t. fuqaroga 14 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, kelishilgan puldan 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.

    Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu giyohvandlik vositasini qirgʻizistonlik narkokuryer muqaddam Yangiqoʻrgʻon tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketganligi maʼlum boʻldi.

    Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1988, 1995, 1998-yillarda tugʻilgan 3 nafar fuqaro Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 936 gr. “opiy” moddasini xaridorga berib, undan kelishilgan pul mablagʻini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlangan.

    Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi boʻlgan – 1992-y.t. urgutlik shaxs ham qoʻlga olindi.

    Taʼkidlash lozimki, mazkur shaxslarning 2 nafari muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun sudlangan boʻlsalarda, oʻz xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarishmagan.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Quvasoy shahrida yashovchi, 1986-y.t. shaxs muqaddamtojikistonlikjinoiy sherigi tomonidan Quvasoy shahridagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 950 gr. “gashish” moddasini olib, uni 1987-y.t. hamshahariga pulini keyinchalik berish sharti bilan 6 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlangan.

    Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu narkotik savdosiga Quvasoy shahrida yashovchi, 2002-y.t. fuqaro ham aloqador ekanligi aniqlanib, u ham qoʻlga olingan.

    Boshqa holatda esa Qoʻqon shahrida yashovchi, 1963-y.t. fuqaro Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 492 gr. “gashish” moddasini 75 mln. soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.