GIZ charm-poyabzal sohasiga taʼlim grantlarini jalb etishga koʻmaklashadi

    Ta'lim 30 May 2023 2440

    2023-yil 26-mayda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va birgalikda qoʻshma dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonda charm-poyabzal va moʻynachilik sohasida sifatli taʼlim dasturlarini amalga oshirish, tarmoq uchun malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, standartlashtirish va sertifikatlashtirishga oid mavzularda oʻzaro fikr almashildi.

    Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerak, GIZ 130 dan ortiq mamlakatda oʻz faoliyatini olib boradi. 1992-yildan buyon Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilib keladi. Faoliyati davomida mamlakatimizda xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligi, kimyo sanoati, taʼlim va koʻplab sohalarda qoʻshma dasturlar va loyihalarni amalga oshirib kelyapti.

    Uyushma rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan muloqotda GIZ tomonidan grant asosida texnik yordam koʻrsatish dasturi doirasida charm sanoati sohasiga grant mablagʻlarni jalb etgan xolda “dual” taʼlim tizimi mexanizmlarini joriy etish masalasi koʻrib chiqildi. Mamlakat boʻylab 14 million yevro boʻlgan katta bir dastur amalga oshirilyapti. Aynan ushbu loyiha doirasida charm-poyabzal sohasi uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashga qaratilgan alohida dastur ham ishlab chiqilib, “dual” taʼlim tizimi asosida mahalliy korxonalardagi, kasb-hunar kollejlari, umum taʼlim maktablaridagi yoshlarga taʼlim beriladi. Bu uchun GIZ tomonidan alohida grantlar jalb etiladi.

    Shuningdek, uchrashuvda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasining Toshkent shahrida mahalliy va xorijiy investorlar bilan hamkorlikda moda, dizayn, texnologiya, standartlashtirish, marketing yoʻnalishlarida soha korxonalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, sohada innovatsiyalarni joriy etish boʻyicha “Charm-poyabzal moda, dizayn va innovatsiya markazi” shoʻba korxonasini tashkil etish masalasi ham koʻrib chiqildi. Bu borada Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasining ushbu loyihaga tashqi begʻaraz koʻmak (grant) mablagʻlarini jalb etish boʻyicha takliflari va tashabbuslari GIZ tomonidan qoʻllab-quvvatlandi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.

    Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan charm-poyabzal mahsulotlarining xorijiy davlatlarga eksport hajmini oshirish maqsadida standartlashtirish markazini tashkil etish masalasi ham uchrashuvda alohida muhokama etildi. Ushbu markaz eng avvalo xalqaro sifat sertifikatlarini korxonalarga joriy etish, xalqaro standartlarni ishlab chiqarishda qoʻllashda amaliy koʻmak koʻrsatadi. Bu oʻz navbatida xalqaro bozorda “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” yorligʻi ostidagi mahsulotlar nufuzining yanada oshishiga xizmat qiladi.