Asrlar davomida shakllangan G‘ijduvon kulolchilik maktabi tabiiy xomashyolarga asoslangan ishlab chiqarish texnologiyasi, o‘ziga xos naqsh va bezak uslublari bilan ajralib turadi. Ushu yo‘nalishda 60 ga yaqin mahsulot turi hamda 300 dan ortiq barqaror naqsh kompozitsiyalari avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda.

Kulolchilik buyumlarini tayyorlashda mahalliy sof tuproq, rangli gillar, tabiiy bo‘yoqlar va ishqor siridan foydalaniladi. Shuningdek, "Mehrobi", "Parragul", "Madohil", "Lo‘ndagul", "Guli bodom" va "Lolagul" kabi an’anaviy naqshlar G‘ijduvon kulolchilik maktabining betakrorligini namoyon etadi.

Ma’lum qilinishicha, uch asrlik tarixga ega Narzullayevlar sulolasi vakillari ushbu an’anani bugungi kungacha davom ettirib kelmoqda.

Mahsulotning geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi uning nomini, tarixiy an’analari va tayyorlash texnologiyasini huquqiy himoya qilish hamda milliy hunarmandchilik brendini xalqaro miqyosda targ‘ib etish imkoniyatlarini kengaytiradi.