“Global rivojlanish boʻyicha tashabbus”ning Doʻstlari guruhi Vazirlar yigʻilishida

    Xalqaro hamkorlik 22 Sentabr 2022 1140

    2022-yil 20-sentyabrda Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Van I raisligida “Global rivojlanish boʻyicha tashabbus”ning Doʻstlari guruhi Vazirlar yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlari siyosat idoralari rahbarlari, BMT muassasalari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari, Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov oʻz nutqida “Global rivojlanish boʻyicha tashabbus”ning Doʻstlari guruhi BMT tomonidan belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirish boʻyicha fikr va ilgʻor tajribalar almashish uchun muhim platforma ekanligini taʼkidladi.

    Mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish boʻyicha kun tartibini amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etildi.

    Barqaror rivojlanish maqsadlarining hayotga tadbiq etilishini tezlashtirish maqsadida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, shu jumladan, yashil yoʻlaklar”ni tashkil etish, isteʼmol mahsulotlari yetkazib berish tizimini qoʻllab-quvvatlash sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish taklif etildi.

    Iqlim masalalari yuzasidan muloqotni mustahkamlash zarurligi taʼkidlandi. Iqtisodiyotni karbonsizlashtirish, choʻllanishga qarshi kurash, biologik xilma-xillikni saqlash, muqobil energiyani rivojlantirish boʻyicha xalqaro majburiyatlarni bajarishning samarali usullarini oʻrganish muhimligi qayd etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.