Jamiyatda totuvlik va barqarorlikni taʼminlashda, shuningdek yoshlar oʻrtasida taʼlim va diniy maʼrifatni targʻib qilish maqsadida 2022-yil 9-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekistondagi Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi hamda va Konrad Adenauer jamgʻarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Dinlar va madaniyatlarning oʻzaro hamjihatligida hamda tinchlik va totuvlikni mustahkamlashda taʼlim va diniy maʼrifatning oʻrni” mavzusida xalqaro anjumani tashkil etildi.
Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qoʻmitasi, Musulmonlar idorasi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, mamlakatimizdagi diplomatik korpuslar, ekspert olimlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, diniy konfessiyalar, milliy madaniy markazlar rahbarlari va jurnalistlar qatnashdi.
Shuningdek, anjuman doirasida Oʻzbekistonning tashqi dunyo bilan koʻp tomonlama diplomatiyasida sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash, umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda yoshlar ongiga ushbu ezgu gʻoyalarni singdirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh. Minovarov bagʻrikenglik va yoshlar tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratilishi kerakligini, mamlakatimiz hududida yashayotgan millatlar urf-odati hamda islom dinining madaniy va sivilizatsion merosi, maʼnaviy-falsafiy ahamiyatini chuqur oʻrganish boʻyicha ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganini taʼkidladi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad — fundamental ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida diniy bagʻrikenglik, millatlararo munosabatlarning tarixiy ildizlarini chuqur oʻrganish va uni bugungi kun sharoitida rivojlantirishdan iborat ekanligiga urgʻu berildi.
Shuningdek, Markaz boʻlim boshligʻi Gʻ. Gulnora “Globallashuv sharoitida diniy va dunyoviy bilimlar uygʻunligi” mavzusida maʼruza qildi.
Anjuman yakunlariga koʻra barcha ishtirokchilar mamlakatimizda turli dinlar va madaniyatlarning oʻzaro hamjihatligini taʼminlash, xalqimiz orasida tinchlik va totuvlikni mustahkamlashda taʼlim va diniy maʼrifatning muhimligini alohida taʼkidladilar.