Gʻolib sportchilarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida munosib kutib olindi. Marosimda Oʻzbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi mutasaddilari, sportchilarning yaqinlari va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Sportchilarimizdan Charos Qayumova, Feruza Sodiqova, Madinabonu Mannopova, Nikita Rafalovich hamda Ozoda Sobirjonova oltin medallarni qoʻlga kiritgan boʻlsa, Shohsanam Aʼzamova hamda Jasur Jaysunov kumush medallarga sazovor boʻldi. Shohruh Rajabov, Gulsanam Alijonova hamda Sardor Toirov esa terma jamoamiz hisobiga bronza medallarini qoʻshib qoʻyishdi. Ushbu natija Oʻzbekiston terma jamoasiga “Beirut Open-2021” xalqaro turnirida umumjamoa hisobida 1-oʻrinni taqdim etdi.
Taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari yaqinda aynan Bayrutda oʻtkazilgan Osiyo chempionatida 3ta oltin, 1ta kumush va 6ta bronza, jami 10ta medalga sazovor boʻlgandi, deya xabar beradi Turizm va sport vazirligi axborot xizmati.