Gʻoliblar Buyuk Britaniyaga boradi

    Kuni kecha poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyi yana bir tadbirga mezbonlik qildi. Prezident sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi Respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Tadbirda O‘zbekiston Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov yurtimizda ta’lim sohasida kechayotgan islohotlar, xorijiy tillarni o‘rgatishga berilayotgan e’tibor xususida so‘z yuritib, tanlov g‘oliblarini samimiy qutladi.

    Darhaqiqat, ta’lim, ilm-fan barcha davrlarda tamaddun chashmasi sifatida e’tirof etilgan, rag‘batlantirilgan. Tarix silsilasida o‘z isbotini topgan bu tamoyil bugun ham dunyo mamlakatlarining yuksalish yo‘li sifatida ko‘rilmoqda.

    Mamlakatimizda, ayniqsa, keyingi yillarda ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida xorijiy tillarni chuqur o‘rgatishni rivojlantirish, o‘qituvchi va yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2021 yil 19 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dunyo bozorida raqobatbardosh, har tomonlama yetuk kadrlar tayyorlashga zamin yaratdi.

    Respublika ta’lim tizimida chet tillarni o‘rganishni ommalashtirish, bir nechta xorijiy tilda so‘zlasha oladigan kadrlar tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ko‘lami yildan-yilga eng chekka hududlarni ham qamrab olmoqda. Maktablar kesimida o‘qituvchi va o‘quvchilarning xorijiy tillarni o‘rganish darajasini belgilash, maktablar reytingini ishlab chiqish, chet tillarini o‘rgatish sifatini chekka hududlarda ham yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar samarasi ushbu tanlovda ham o‘z aksini topdi.

    Joriy yil 4 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining dastlabki — tuman (shahar) bosqichida jami 8065 ta maktabning 40325 nafar o‘quvchisi ishtirok etdi. O‘quvchilarning 37075 nafari ingliz, 1800 nafari nemis, 1450 nafari fransuz tili bo‘yicha baholandi. Ishtirokchilarning tinglab tushunish, yozish, gapirish va o‘qish ko‘nikmalari Buyuk Britaniyaning Cambridge Assessment English tashkiloti xalqaro testlari asosida sinovdan o‘tkazildi.

    Yurtimizda ilk bor o‘tkazilgan ushbu tanlovning test materiallari ishtirokchilarning xorijiy tillar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari hamda mantiqiy fikrlashini Yevropa ta’lim standartlari (CEFR) asosida baholashga qaratilgan. Topshiriqlar xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan shakllantirilgan.

    Xorijiy tillarni (ingliz, nemis, fransuz) bilish darajasini aniqlashga qaratilgan topshiriqlar umumta’lim maktablarining 7-9-sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, savollarning darajasi “osondan qiyinga tomon” ta’lim tamoyillariga asoslandi. Sinovlar ishtirokchilarning muloqot ko‘nikmasini bosqichma-bosqich rivojlantirish va kommunikativ kompetensiyalarini baholashga yo‘naltirildi. Bunda ishtirokchilarning leksik-grammatik bilimi bilan birga, reseptiv va produktiv nutqiy, o‘qib tushunish ko‘nikmasi, grammatik bilimi va lug‘at boyligi aniqlandi.

    — Mazkur tanlov yoshlarning xorijiy tillarni egallash yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasini baholash bilan bir qatorda, yutuqlarimiz va kamchiliklarimizga razm solish, navbatdagi amaliy vazifalarni belgilashga imkon beradi, — deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Sanjar Obidov. — Tanlovning respublika bosqichida ishtirok etgan 70 nafar o‘quvchining barchasi 14 nafar ustozi bilan Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohatiga yuboriladi.

    Tanlovning yakuniy bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan jami 14 ta maktabdan 70 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Yunusobod tumanidagi 97-maktab jamoasi 1-o‘rinni egalladi. Buxoro shahridagi 40-maktab jamoasi ikkinchi va Olmaliq shahridagi 5-maktab jamoasi 3-o‘ringa munosib deb topildi. 3-o‘rin 300 million so‘m, 2-o‘rin esa 400 million so‘m bilan taqdirlandi. 1-o‘rin sohibi bo‘lgan jamoa 500 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

    — Bugun besh nafar o‘quvchimdan iborat jamoamiz Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan tanlov g‘olibi bo‘lganidan benihoya xursandman, — deydi Yunusobod tumanidagi 97-maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Nilufar Isakova. — Erishgan yutug‘imiz jiddiy tayyorgarlik, tinimsiz mehnat evaziga bo‘ldi. Ta’til davomida ham o‘z ustimizda ishladik. Chunki raqobat kuchli bo‘lishini bilardik va shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rgandik. Gʻoliblar safida Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohatiga yo‘llanmani ham qo‘lga kiritdik. Bu shunchaki sayohat emas, biz ularning ilg‘or ta’lim tajribasini o‘rganamiz. Mamlakatimiz tarixi, bugungi kuni, ayni paytda ta’limga berilayotgan e’tibor, yoshlarining salohiyati va erishayotgan yutuqlarini xorij mamlakatida ham targ‘ib qilish imkoniyatimiz bo‘ladi.

    Yetuk bilim va salohiyatga ega, xorijlik hamkorlar bilan erkin muloqotga kirisha oladigan, investisiyalarni jalb qila biladigan, dunyoda ro‘y berayotgan voqealar haqida chet tilida ham o‘z fikrini erkin bayon eta oladigan kadrlar tayyorlash bugunning muhim talabi. Ana shu maqsadda tashkil etilgan tanlov bu borada muhim qadam bo‘ldi. Zotan, Uchinchi Renessansni shunday iqtidorli yoshlar bunyod etadi.

    Risolat Madiyeva,

    “Yangi o‘zbekiston” muxbiri