Gomel oblasti rasmiy va ishbilarmonlar vakillari delegatsiyasi Fargʻonaga keladi

    Biznes 13 Aprel 2024 1203

    Belarusning Gomel oblasti ijroiya qoʻmitasi raisi Ivan Krupko boshchiligidagi rasmiy va ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya joriy yil 18-21-aprel kunlari amaliy tashrif bilan Fargʻona viloyatida boʻladi.

    Fargʻona viloyat hokimligi maʼlumotiga koʻra, rasmiy uchrashuvlar doirasida Fargʻona viloyati va Gomel oblasti rahbarlarining tor va kengaytirilgan doiradagi uchrashuvlari boʻlib oʻtadi. Fargʻona viloyati hamda Gomel oblasti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik boʻyicha bitim imzolanadi. Shuningdek, «Qoʻqon» erkin iqtisodiy zonasi hamda «Gomel -Raton» erkin iqtisodiy zonasi oʻrtasida hamkorlik kelishuvi imzolanishi rejalashtirilgan.

    Belarus delegatsiyasi uchun tashrif kunlari Fargʻona shahrida viloyatda ishlab chiqarilgan sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari koʻrgazmasi tashkil etiladi. Fargʻona viloyati va Gomel oblasti ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasida V2V shaklida muzokaralar boʻlib oʻtadi. Muzokaralar yakuni boʻyicha kelishuv va shartnomalar imzolanishi koʻzda tutilgan, deb xabar beradi «Dunyo» AA.