Goʻsht va sut mahsulotlarining eng yuqori narxi Toshkent shahrida qayd etildi

    Agrosektor 9 Iyul 2020 8355

    Oʻzbekistondagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari toʻgʻrisida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2020-yil 30-iyun holatiga Respublikada isteʼmol savatidagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari koʻrib chiqildi.

    Oʻzbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarini oʻrganish natijasida goʻsht va sut mahsulotlarining eng yuqori narxi Toshkent shahrida qayd etildi.

    Shunday qilib, 1 kg mol goʻshtining narxi Toshkent shahrida 64 350 soʻm va Toshkent viloyatida 55 797 soʻmni tashkil etdi. Mol goʻshtining eng past narxi Qoraqalpogʻiston Respublikasida – 44 416 soʻm va Surxandaryo viloyatida – 46 599 soʻmni tashkil etdi. Respublikaning boshqa hududlarida narxlar ushbu koʻrsatkichlar orasida turlicha boʻlgan.

    Respublika boʻyicha mol goʻshtining oʻrtacha narxi (1kg) 50 474 soʻmni tashkil etdi (oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 31% yoki 10 998 soʻmga oʻsish). Qoʻy goʻshtining oʻrtacha narxi (1kg) 34 % ga oshdi va 52 483 soʻmni tashkil etdi (oʻtgan yilning shu davrida 39 863 soʻmga teng boʻlgan). Tuxum narxi (10 dona) 48 foizga oʻsdi va 8 322 soʻmni tashkil etdi, oʻtgan yili xuddi shu davrda narxlar 5 605 soʻmni tashkil etgan. 1 kg baliq narxi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5% ga pasaydi.

    Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan sabzavot narxlarida (kartoshka va bodring bundan istisno) pasayish kuzatildi. Yaʼni tez buziladigan mahsulotlarga talab pasayib, bunday mahsulotlar narxi pasaygan.

    Piyozning oʻrtacha narxi (1kg) 2020-yil 30-iyunda 1 569 soʻm (ga tushgan oʻtgan yilning mos davriga nisbatan -45 %), karam (1kg) 1 151 soʻm (-37 %), sabzi (1kg) 2 108 soʻm (-15 %), pomidor (1kg) 3 601 soʻmni tashkil etgan. Kartoshkaning oʻrtacha narxi (1 kg) oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 59 % ga oshdi va 3 612 soʻmni tashkil etdi. Bodring narxi 23%ga oshdi va 1 kg 2 527 soʻmni tashkil etdi.

    Oʻtgan yilning mos davriga nisbatan poliz ekinlarining oʻrtacha narxi oʻsishi kuzatildi. Tarvuzning oʻrtacha narxi 19% ga, uzum 37 % ga, qovun va qovoq 17 % ga oʻsdi.

    Boshqa mahsulotlar bilan taqqoslaganda dukkakli maxsulotlarning narxi barcha mahsulotlarga qaraganda sezilarli darajada oshdi.Yaʼni, mazkur turdagi mahsulotlarga aholi talabi sezilarli oshdi.

    2019-yilda loviya (1kg) 8 614 soʻmni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning 30-iyun holatiga 15 729 soʻmni tashkil etgan (oʻsish 83%). Mosh 46 % ga, noʻxat 4 % ga oʻsdi.

    Iqtisodiy tadqiqotlar va isloxatlar markazining

    jamoatchilik bilan aloqalar xizmati