2020-yil paxta hosili uchun gʻoʻza defoliatsiyasini sifatli oʻtkazish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-avgustdagi yigʻilish bayoni qarori qabul qilinib, (14.08.2020 y, 03/1-1747-son) unda defoliatsiyani oʻtkazish tartibi, grafiklari, ekspert komissiyalari tarkibi hamda talab etiladigan moddiy-texnika resurslari hisob-kitoblari tasdiqlandi.
Joriy yil gʻoʻza maydonlarining 829,2 ming gektari yoki 80,2 foizida defoliatsiya oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Bu yilgi ob-havo sharoitini va gʻoʻzaning biologik pishib yetilishini eʼtiborga olgan holda, hamda “Oʻzgidromet” markazining joriy yilda gʻoʻza defoliatsiyasining oʻtkazish muddatlari boʻyicha tavsiyasiga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2020-yil hosili uchun parvarishlanayotgan gʻoʻza maydonlarida defoliatsiya tadbirlarini oʻtkazish muddatlari belgilab berildi.
Jumladan, Andijon, Navoiy va Fargʻona viloyatlarida 1-10-sentyabr;
Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 2-12-sentyabr;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Namangan viloyatlarida 3-12-sentyabr;
Toshkent, Jizzax va Samarqand viloyatlarida 5-15-sentyabr;
Sirdaryo viloyatida 6-16-sentyabr;
Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida 8-20-sentyabr kunlarida gʻoʻza defoliatsiyasini oʻtkazish maqsadga muvofiq deb belgilandi.
Bundan tashqari, bayonnoma qarorida gʻoʻza defoliatsiyasini oʻtkazilishi yuzasidan hamda defoliantlarni qoʻllash meʼyorlariga rioya etilishi va defoliatsiyaning belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirilishi boʻyicha qatʼiy nazorat oʻrnatish Inspeksiyaga yuklatilgan.
Bugungi kunda, Inspeksiyaning viloyat boshqarmalari va tuman boʻlimlari tomonidan joylarda gʻoʻza defoliatsiyasini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish, defoliantlarni qoʻllash meʼyorlariga rioya etilishi va uni sifatli oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha nazorat tadbirlari olib bormoqda.
Shuningdek, 2020-yil 23-avgust holatiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning gʻoʻza maydonlarida defoliatsiya tadbirini oʻtkazish uchun 1578 tonna yoki 739414 gektar (89%) maydonga yetarli defoliantlar zaxirasi yaratildi.