Bu yilgi ob-havoning injiqliklari, suv taqchilligiga qaramasdan Samarqandlik bobodehqonlar paxtadan moʻl va sifatli hosil yetishtirishga alohida eʼtibor qaratishmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari inspektorlari tomonidan, gʻoʻza parvarishi yuzasidan agrotexnik tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan doimiy monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Xususan, 2021-yilning 22-iyun sanasiga qadar mavjud 75 ming 356 gektar yer maydonidagi gʻoʻzalarning rivoji talab darajasida. Hozirgi vaqtda 63 ming 266 gektar yerdagi gʻoʻzalar gullash fazasida boʻlib, 11 ming 239 gektar gʻoʻza maydonidagi nihollarda 1-2 tadan koʻsak mavjud.

Hududiy inspektorlar tomonidan iyun oyida gʻoʻza qator oralariga ishlov berishda kultivatorlardagi ishchi organlari soni va ishlov berish chuqurligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Mavjud 1 ming 612 ta kultivatorlar bilan bir kunda oʻrtacha 7 ming 952 gektar yer maydoni kultivatsiya qilinmoqda.

Paxtadan moʻl hosil yetishtirishda gʻoʻzani mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirish ham muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda bugungi kunga qadar 52 ming 965 gektar yer maydonidagi gʻoʻzalar gektariga 350 kilogrammdan mineral oʻgʻitlar bilan ikkinchi oziqlantirilgan boʻlsa, bu boradagi agrotexnik tadbirlar Narpay va Paxtachi tumanlarida yakunlandi.

Mavjud 354 ta purkagichlar bilan bir kunda 6 ming 241 gektar, mavsum boshidan 3,3-marta gʻoʻza maydonlari bargidan oziqlantirildi, deya xabar beradi Agroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.