Goʻzal anʼanalar bardavom boʻlsin!

    Mamlakatimizda 20 Mart 2024 556

    Oʻzining betakror tarovati bilan koʻzimizni quvnatib, qalbimizga bir olam quvonch olib kirayotgan Navroʻz azaldan tinchlik, bagʻrikenglik, saxovat va mehr-muruvvat ramzi hisoblanadi.

    Nafosat timsoli boʻlgan ushbu ayyomni butun yurtdoshlarimiz qatori, Xorazmliklar ham munosib qarshi olyaptilar. Hududlarda, mahallalarda oʻtkazilayotgan bayram sayllarida ayniqsa, opa-singillarimiz alohida tashabbus koʻrsatib, goʻzal anʼanalarimizni tarannum etyapti.

    Maʼlumki, asrlar davomida oʻzbek xalqining maʼnaviy-axloqiy urf-odatlari, jamoatchilik fikri hamda oʻziga xos dunyoqarashi mahallada shakllanib kelgan. Yosh avlod tarbiyasi, oila yuritish sanʼati, qoʻshnichilik xislatlari mana shu madaniyat, odatlar va anʼanalar asosida olib borilgan.

    Faoliyatimiz davomida har bitta mahallada tegishli chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzbek qadriyatlari va urf-odatlari buvijonlar talqinida” mavzuidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tizimli ravishda oʻtkazib kelyapmiz.

    Ana shunday tadbirlardan biri qadimiy va hamisha navqiron Xiva shahrining Guliston mahallasida tashkil etilgan “Sumalak sayli”ga ulanib ketdi. Mahalladagi kayvoni onaxonlar, xususan, “Oqila ayollar” harakati yetakchilari, “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi aʼzolari, faol xotin-qizlar ishtirok etgan tadbirda Xorazm vohasiga xos urf-odatlarimizdan “Beshik toʻyi”, “Galin salom”, “Lachak toʻyi” marosimlari turli sahna koʻrinishlari orqali namoyish etildi.

    Goʻzal va ezgu anʼanaga aylanib borayotgan bu kabi tadbirlarni oʻtkazishdan asosiy maqsadimiz oʻz oilasi muhitida yuksak maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlab, asrab-avaylab kelayotgan keksa yoshdagi onaxonlarning ulkan hayotiy tajribasini yosh qizlarimizga namuna qilib koʻrsatish hamda ularning qalbida qadimiy qadriyatlarimizga hurmat ruhini shakllantirishdan iboratdir. Shubhasiz, bu kabi tadbirlar orqali xalqimizning umrboqiy anʼanalarini oʻzida mujassam etgan milliy urf-odatlarimiz, yoshlar, ayniqsa, qiz farzandlar uchun katta ibrat maktabi boʻlib qolajak!

    Nigora Qutlimuratova,

    Xorazm viloyati hokimi oʻrinbosari,

    Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi.