Bu taklif keng jamoatchilik vakillari, ekofaollar, ijtimoiy tarmoq faollarining taklif va mulohazalari asosida tayyorlangan va “Oʻzbekiston–2030” strategiyasini 2Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasida muhokamaga qoʻyilgan.
Amaliyotga tatbiq etilishi
Loyihaga koʻra, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (“Green University”) huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutida zamonaviy “in-vitro” laboratoriyalari tashkil etiladi.
Xalqaro tajriba
Xorijda “in-vitro” laboratoriyalarida foydalanish orqali koʻchat yetkazish uslubi keng tarqalgan uslub hisoblanadi. Oʻsimliklarni kichik qismlari (toʻqima va hujayralar)dan laboratoriyalarda mikrokoʻpaytirish quyidagi afzalliklarga ega:
— oʻsimliklarni tez koʻpaytirish imkoni mavjud;
— kichik joydan qisqa muddat ichida koʻp koʻchat olinadi;
— yil davomida, mavsumdan qatʼi nazar koʻchat yetishtiriladi;
— koʻchat yetishtirish jarayoni xavfsiz va tejamkor kechadi, sogʻlom va arzon koʻchat yetishtiriladi;
— oʻsimlikning biologik xususiyatlari toʻliq saqlab qolinadi;
— noyob va yoʻqolib ketish xavfi ostidagi oʻsimliklar shu usul bilan koʻpaytirilib, saqlab qolinadi.
Foydali tomonlari
Respublikada turli xildagi koʻchatlarni tez va koʻp miqdorda yetishtirish imkoniyati hamda koʻchat yetishtirishning zamonaviy tizimi yaratiladi.
Bu usulda yetishtirilgan oʻsimliklar, avvalo, yer maydonlarini 3-4 barobar optimallashtiradi. Oddiy usulda koʻchat yetishtirish jarayoni 3-4-yilni oʻz ichiga olsa, laboratoriya sharoitida bu muddat 2 barobarga qisqaradi. Bundan tashqari, tez oʻsuvchanligi, kasallik va zararkunandalarga chidamliligi va ochiq muhitga moslashish kabi afzalliklarga erishiladi.