Grippga qarshi emlanganlar pnevmoniyadan ham himoyalanadimi?

    Suhbat 19 Sentabr 2020 3770

    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bosh mutaxassisi Dilorom TURSUNOVA bilan suhbat (2-qism).

    — Aytishlaricha, grippga qarshi vaksina pnevmoniyadan ham himoya qilarkan...

    — Gripp oʻz vaqtida samarali davolanmasa, organizmda asoratlar qoldirishi mumkin. Pnevmoniya — grippning eng kuchli salbiy taʼsirlaridan biri hisoblanadi. Grippga qarshi emlanganlar bevosita pnevmoniyadan ham himoyalangan boʻladi. Vaksina olganlar grippga 100 foiz chalinmaydi, deb hech kim kafolat bermaydi. Ammo grippga qarshi vaksina yoʻriqnomasida 98 foiz himoya qilishi koʻrsatilgan.

    — Grippga qarshi vaksinani qayerdan olish mumkin va qayerda ishlab chiqarilgan vaksinalarni tanlagan maʼqul?

    — Aholimiz yurtimizdagi mavjud vaksinalarning sifatiga shubha qilmasa ham boʻladi. Negaki, chetdan olib kirilayotgan har bir vaksina sifati va samaradorligi Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli muassasasi tomonidan tekshirilib, amaliyotga joriy qilishga ruxsat beriladi. Maxsus tashkil qilingan emlash markazlariga borgan holatda emlanish mumkin.

    Yurtimizga turli davlatlarda ishlab chiqilgan vaksinalar olib kelinadi. Samaradorligi eng yuqori boʻlgan vaksinalar Niderlandiya, Germaniya, Xitoy, Hindiston, Rossiya Federatsiyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Vaksina qabul qilayotganda har bir fuqaro oʻz xohishiga koʻra turli davlatda ishlab chiqilgan vaksinadan birini tanlaydi.

    — Vaksinadan keyin qancha vaqtda organizmda grippga qarshi immunitet paydo boʻladi?

    — Hamma vaksinalar kabi mavsumiy grippga qarshi vaksina ham organizmda 15 kun ichida mikroblarga qarshi immunitet ishlab chiqadi. Taʼsir kuchi 1 yilga yetadi. Emlashdan oldin shifokor tomonidan albatta emlanuvchi shaxsning umumiy salomatligi tekshirilib, shunga koʻra vaksinasiya qilish-qilmaslik belgilanadi. Yaʼni, emlanadigan kishi shamollash, nafas olish yoʻllari yalligʻlanishi kabi kasalliklardan tamoman sogʻlom boʻlishi kerak. Shuningdek, vaksina tarkibidagi komponentlarga nisbatan allergik taʼsirchanlik darajasi ham tekshiriladi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.