Gruziya 1-yanvardan mamlakatga kirish uchun tibbiy sugʻurta talab qiladi

    Gruziya hukumati tomonidan 2026-yil 1-yanvardan barcha chet el fuqarolari uchun Gruziyada boʻlish davrining butun muddatiga majburiy tibbiy sugʻurta talab etiladi.

    Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati xabar berdi.

    Maʼlum qilinishicha, Gruziyada boʻlish davrining butun muddatiga majburiy tibbiy sugʻurta polisi yoʻqlar 300 lari (taxminan 1,3 million soʻm) miqdorida jarima toʻlaydi.

    Majburiy tibbiy polis ingliz yoki gruzin tilida rasmiylashtirilgan boʻlishi shart. Sugʻurta qamrovi Gruziyada boʻlishning butun davriga taalluqli boʻlishi kerak.

    Minimal qamrov:

    • Shoshilinch ambulatoriya xizmatlari: kamida 5 000 AQSH dollari.
    • Statsionar davolanish (shu jumladan baxtsiz hodisalar, jarohatlar, kasalliklar, evakuatsiya va repatriatsiya): kamida 30 000 AQSH dollari.
    • Qoʻshimcha: Mamlakatning togʻli hududlariga sayohat qilish uchun alohida talablar mavjud.
    "Hujjat doimo yoningizda boʻlishi lozim (mobil qurilmada elektron shaklda yoki qogʻozga chop etilgan holda). Polis mamlakatga kirishda ham, mamlakat ichidagi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan ham talab qilinishi mumkin.
    Yoʻlovchilardan chegaradan qiyinchiliksiz oʻtish uchun barcha zarur hujjatlarni oldindan tayyorlab qoʻyishlarini soʻraymiz", deyiladi xabarda.