Gruziya bosh vaziri Georgiy Gaxariyaning maʼlum qilishicha, mamlakat Gʻarb davlatlari va NATO bilan hamkorlikni yana-da rivojlantiradi.

Rossiya va Gruziya oʻrtasida boʻlib oʻtgan besh kunlik urushning 12 yilligiga bagʻishlangan nutqida Gaxariya “Biz strategik yoʻnalishlar boʻyicha hamkorligimizni rivojlantirishni davom ettiramiz — bu NATO, AQSH va Yevropa Ittifoqi. Bugun Gruziya NATOga kirishga toʻliq tayyor. Buni hamkorlarimiz koʻrib turishibdi va qadrlashadi. Biz bu jarayonni albatta oxirigacha olib boramiz”, — dedi.

Uning aytishicha, Yevroatlantika integratsiyasi va mamlakatning tinch taraqqiyoti Gruziyaning hududiy yaxlitligini tiklashning majburiy shartidir.

2008-yilda Rossiya prezidenti boʻlgan va harbiy operatsiya boshlash haqidagi qarorni qabul qilgan Dmitriy Medvedev esa ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Gruziya hukumatining Abzaxiya va Janubiy Osetiya aholisiga nisbatan harakatlarini jinoyat deb atadi. Uning taʼkidlashicha, Rossiya Federatsiyasi Abxaziya va Janubiy Osetiyani Gruziyaning agressiyasidan himoya qilgan, ularning mustaqilligini tan olgan.

Rossiya va Gruziya oʻrtasida 2008-yilning 8-12-avgust kunlari yuz bergan harbiy harakatlarda jami 850 chogʻli kishi halok boʻlgan.

Urush Yevropa Ittifoqining va shaxsan Nikolya Sarkozining aralashuvi bilan toʻxtatib qolingan. U Dmitriy Medvedev bilan birga tinchlik bitimi loyihasini ishlab chiqqan. Rossiya haligacha mazkur bitimning bir punktini bajargani yoʻq – Abzaxiya va Janubiy Osetiyadan askarlarini olib chiqmayapti.

Bundan tashqari, Moskva har ikki hududni “suveren davlat” sifatida tan olgan. Abxaziya va Janubiy Osetiyaning mustaqilligini Rossiyadan tashqari faqatgina Nikaragua, Venesuela, Nauru va Suriya tan olgan. Xalqaro hamjamiyat esa Abxaziya va Janubiy Osetiyani hali ham Gruziyaning bir qismi deb hisoblaydi.