U Shovi tog' kurortidagi fojea yuz bergan hududga tashrif buyurdi. U yerdan allaqachon vertolyotlar yordamida 210 kishi evakuatsiya qilingan.
“Afsuski, qurbonlar soni yetti nafarga yetdi. Vaziyat juda murakkab. Kottejlar joylashgan joy butunlay ko'chki ostida qolgan”, — dedi Garibashvili. Uning qo'shimcha qilishicha, qidiruv ishlariga Mudofaa vazirligi kuchlari jalb etiladi. 7-avgust, dushanba kuni Gruziyada Shovida halok bo'lganlar xotirasiga motam kuni e'lon qilinadi.
Hodisa 3-avgust kuni yuz berdi. Ko'chki Shovi dam olish maskanida yuzaga keldi, daryo bo'yida joylashgan, dam oluvchilarga moljallangan kottejlarni vayronaga aylantirdi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko'ra, besh million kub metrdan ortiq qattiq massa harakatga kelgan. Tabiiy ofat kuchli yomg'ir va muzliklarning intensiv erishi oqibatida yuzaga keldi, deb xabar berdi mir24.tv.