GSP+: Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorligining istiqbollari

    Biznes 18 Aprel 2021 87792

    GSP+ tizimiga doir masalalar boʻyicha Oʻzbekiston va Yevropa ittifoqi hamkorligining istiqbollari yuzasidan boʻlib oʻtgan tadbir ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Qizgʻin ruhda boʻlib oʻtgan tadbirda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi vakillari ham faol qatnashdilar.

    Bugungi kunda Yevropa ittifoqi hududida 453 million nafar inson istiqomat qiladi. Oʻzbekiston kompaniyalari uchun aynan GSP+ tizimiga aʼzo mamlakatlar qatoriga qoʻshilish ushbu katta bozorga tez surʼatda kirib borishga imkon yaratadi. Oʻzbekistonning benefitsiar davlat maqomini olishi va u orqali yaratilayotgan imtiyoz onlayn-muloqotning bosh mavzusi boʻldi. Oʻzbekistonning Belgiyadagi elchixonasi tomonidan oʻtkazilgan uchrashuvda Yevropaning koʻzga koʻringan siyosiy-iqtisodiy tahlil markazlarining vakillari ishtirok etdi. Muhokamalarda Oʻzbekistonda tayyorlangan mahsulotlarni YEIga yetkazib berishning amaliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

    GSP+ tizimi Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi hamkorlikning yana-da kengayishi uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni yaratadi. Tekstil, qishloq xoʻjaligi, charm-poyabzal kabi koʻplab yoʻnalishlar boʻyicha mamlakatimizda tayyorlangan eksportbop mahsulotlarga qoʻyilgan tariflar bekor qilindi. Biroq, YEI bilan aloqalar qancha yaqin boʻlmasin, savdo-iqtisodiy imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmayotgan edi. YEI Oʻzbekistonning eksport geografiyasida yettinchi oʻrinda turishining oʻzi ham bunga misol.

    Yevropa bozoriga kirib borayotgan mahsulotlarimiz turi va soni ortganidek, tez kunlarda Yevropaning mamlakatimiz eksport yoʻnalishidagi oʻrni ham oʻzgaradi. Oʻzbekiston joriy yil 10-apreliga qadar GSP tizimining oʻzidan foydalanib kelayotgan edi. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizning 3 000 turdagi mahsulotlarini bojxona bojlarisiz va 3 200 turining esa pasaytirilgan tariflarda eksport qilish imkonini beradi. Endilikda GSP+ tizimi doirasida 6 200 turdagi mahsulotlar bojxona bojlarisiz Yevropaga kirib boradi.

    Charm-poyabzal va moʻynachilik sohasi haqida gap ketar ekan, mahsulotlar safi kengayib, 103 turdagi 308 turga yetganligi diqqatga sazovorligini aytib oʻtish kerak. 2020-yil yakunini sarhisob qilsak, mahalliy charm-poyabzal korxonalari tomonidan 400 million dollarlik mahsulot xorij bozoriga yoʻnaltirilgan boʻlsa, uning bor-yoʻgʻi bir foizi YEI hissasiga toʻgʻri kelar edi. Endilikda Yevropaga bojlarsiz yetkazib beriladigan mahsulotlar turining 3 barobarga ortishi bilan mahalliy korxonalarimiz uchun yangi eksport bozorlariga kirib borish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirishdek imkoniyatlarni yaratadi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.