Muloqot chogʻida mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada oshirish va milliy eksportchilarga koʻmaklashish maqsadida Guanchjou shahrida Oʻzbekiston mahsulotlari shou-rumini ochish istiqbollari muhokama etildi.
Qayd etilishicha, mazkur shou-rum oʻzaro savdoni kengaytirish va Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan qayta ishlangan qishloq xoʻjaligi va hunarmandchilik, shuningdek, ipak va tekstil mahsulotlari namoyishi uchun muhim joyga aylanadi.
“Mamlakatlarimiz savdo sotiq masalalarida qadimdan hamkorlik qilib kelgan. Bunda Buyuk ipak yoʻli muhim ahamiyat kasb etgan. Bugungi kunda iqtisodiy aloqalarimizning yanada rivoj topayotgani, hududlararo hamkorlik amaliy tus olayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Bu jarayonda Oʻzbekiston tomoni bilan sheriklik aloqalarini oʻrnatishga tayyormiz”, — dedi bozor vitse-prezidenti.
Uchrashuv soʻnggida, shou-rum uchun alohida joy ajratish, mazkur maydon orqali taqdim etiladigan mahsulotlarni “LIUHUA Market” onlayn platformasida ham savdosini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
“LIUHUA Market” Guanchjou shahrining markaziy qismida joylashgan. Bozor 30 ming kvadrat/metr maydonni egallagan. Ushbu bozor nafaqat shahar aholisiga, balki boshqa provinsiyalar va xorijiy xaridorlarga xizmat koʻrsatadi.