Guanchjou shahrida Oʻzbekistonning Bosh konsulxonasi ochildi

    Xalqaro hamkorlik 27 Oktabr 2020 1324

    2020-yil 27-oktyabrda Xitoyning Guanchjou shahrida Oʻzbekiston Bosh konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Marosimda Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchisi Baxtiyor Saidov, Guandun provinsiyasi va Guanchjou shahar Xalq hukumati rahbarlari, shuningdek, mazkur provinsiya ishbilarmon, jamoat va ekspert doiralari vakillari hamda vatandoshlarimiz ishtirok etdi.

    Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston elchisi Baxtiyor Saidov Bosh konsulxonaning ochilishi Oʻzbekiston Respublikasi va XXR oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni rivojlantirish, barcha sohalarda amaliy hamkorlik koʻlamini kengaytirish, eng avvalo, Oʻzbekiston viloyatlari va XXR janubiy provinsiyalari oʻrtasidagi oʻzaro tovar almashuv hajmlarini koʻpaytirishga qoʻshimcha turtki berishini qayd etdi.

    Yirik sanoat, moliya va transport markazi boʻlgan Guanchjou shahri mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish, savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, transport kommunikatsiyalari singari va boshqa sohalardagi hamkorlikning mustahkamlanishida juda muhim oʻrin tutishi qayd etildi.

    Guandun, Fuszyan, Xunan, Xaynan provinsiyalari hamda Xitoyning Guansi-Chjuan avtonom tumani ushbu Bosh konsulxona okrugiga kiradi.

    Bosh konsulxonaning ochilish marosimi doirasida Oʻzbekistonning sarmoyaviy, eksport va sayyohlik salohiyati taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.

    Tadbir ishtirokchilari eʼtiboriga Oʻzbekistonda yaratilgan jozibali ishbilarmonlik muhiti, erkin iqtisodiy zonalar hududlarida biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar, qurilish, toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi jabhasini rivojlantirish borasida erishilgan muvaffaqiyatlar hamda bu yoʻnalishlardagi hamkorlikning istiqbollari toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot taqdim etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.