Guandun provinsiyasi bilan turizm sohasida hamkorlik rivojlantiriladi

    Turizm 25 Avgust 2023 1260

    Turim qoʻmitasida Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi turizm sohasini yanada rivojlantirish, turizmning yangi yoʻnalishlarida istiqbolli hamkorlik loyihalarini muhokama etish maqsadida Guandun provinsiyasi Tashqi ishlar departamenti bosh direktori oʻrinbosari Xe Jushen boshchiligidagi rasmiy delegatsiya vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Muloqot davomida xorijlik mehmonlarga mamlakatimizda turizm sohasini yanada rivojlantirish, xizmat koʻrsatish sifatini jahon standartlari asosida yaxshilashga qaratilgan islohotlar boʻyicha toʻliq maʼlumot berildi.

    Oʻz navbatida Xitoy tomoni sayyohlik agentliklari va oʻz mamlakatining umumiy sayyohlik salohiyati haqida toʻxtalib, xitoyliklar uchun Oʻzbekiston turizm bozori qiziqarli va istiqbolli ekanligini qayd etdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini Xitoyda keng targʻib qilish, tegishli mutaxassislar oʻrtasida ikki tomonlama ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.

    Taʼkidlash kerakki, yigʻilishda Xitoydan Oʻzbekistonning tarixiy shaharlariga sayyohlik oqimini koʻpaytirish, maxsus qoʻshma sayohat yoʻnalishini ishlab chiqish, mamlakat mintaqalarining turizm salohiyatini Xitoyda targʻib qilish, imkon qadar qisqa muddatda ikki davlatning turistik shaharlari oʻrtasida muntazam va charter reyslarini amalga oshirish, shuningdek, Xitoyning ichki turizmni rivojlantirish tajribasini oʻrganish masalalari boʻyicha muzokaralar olib borildi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.