Gul doʻkonida janjal koʻtargan erkakka jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda bir erkak gul doʻkonida ayolni boʻgʻib, boshqa erkaklarni doʻpposlagani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB maʼlumot berdi.

    Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 23-iyun kuni taxminan soat 19:30 larda 1984-yilda tugʻilgan Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi X.A. (muqaddam JKning 165-moddasi bilan sudlangan) jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, Shayxontohur tumanida gul doʻkonlardan birida gul sotuvchisi 2003-yilda tugʻilgan X.T. bilan oʻzaro janjallashgan. Shu yerda boʻlgan 2003-yilda tugʻilgan A.T. va 2002-yilda tugʻilgan T.I.lar uni tinchlantirib, janjalni oldini olishga uringan. Biroq X.A. bezorilik harakatini davom ettirib, ularni urib tan jarohati yetkazgan.

    Birlamchi tibbiy maʼlumotga koʻra jabrlanuvchilarga yengil tan jarohati yetkazilgan.

    Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB Tergov boʻlimi tomonidan JKning 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorilik harakatini oldini olish chorasini koʻrgan boshqa fuqarolarga qarshilik koʻrsatib sodir etish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda. Yakuni boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.