Gulibonum Kebaytuli, Pekin shahridagi Xitoy millatlar universitetining Markaziy Osiyo davlatlari tillari kafedrasi oʻqituvchisi:
— 9-fevral - sheʼriyat ixlosmandlari va mutaxassislari uchun qutlugʻ kun. Biz buyuk shoir va mutafakkir, sheʼriyat mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 581-yilligini nishonlamoqdamiz.
Maʼlumki, Alisher Navoiy yaratgan noyob asarlar, gʻazallar va boshqa janrlardagi ijod namunalari dunyoning koʻplab xalqlari tillariga tarjima qilingan. Ular hamisha sevib mutolaa qilinadi.
Alisher Navoiyning ijodiy merosi ulkan va serqirra boʻlib, u 30 ga yaqin yirik asarni - sheʼriy toʻplamlar, dostonlar, falsafiy va ilmiy risolalarni oʻz ichiga oladi. Alisher Navoiy Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq xalqlarining koʻp asrlik madaniy anʼanalaridan ilhomlangan va oʻziga xos asarlarni yaratgan.
Shoir oʻz sheʼrlarida inson qadri, odamlar oʻrtasidagi mehr-muhabbat, Vatanga sadoqat, yaxshilik va mehnatsevarlik kabi tuygʻu va xislatlarni ulugʻlagani bilan ham katta ehtiromga sazovordir.
Shuni mamnuniyat va faxr bilan aytishim kerakki, biz Xitoy oliy bilim yurtlarida buyuk oʻzbek shoirining asarlarini katta qiziqish bilan oʻrganib kelmoqdamiz.