Guliston shahar Davlat xizmatlari markazi yangi binoda ish boshlaydi

    Ijtimoiy hayot 21 Iyun 2022 2929

    Guliston shahar davlat xizmatlari markazi endilikda barcha sharoitlarga ega yangi binoda oʻz faoliyatini davom ettiradi.

    Zamonaviy arxitektura yechimlarini oʻzida mujassam etgan ushbu bino soʻngi rusmdagi axborot texnologiyalari bilan jihozlangan. Markazga tashrif buyuruvchilarga keng va yorugʻ, shinam xizmat zalida, qulay sharoitlarda xizmat koʻrsatiladi. Ayniqsa, bu yerga tashrif buyuruvchilar uchun yuqori malakali maslahatchilar xizmati, elektron navbat tizimi, interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanish uchun tashkil etilgan oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish burchagi, shinam kutubxona, salomatlik burchagi, kutish joylarning tashkil etilgani yanada qulaylik yaratadi.

    Shuningdek, yangi binoda xorijiy biometrik pasportni rasmiylashtirish, eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun alohida xonalar ham tashkil etilgan. Bu aholiga davlat xizmatlarini qulay shakllarda va samarali koʻrsatish koʻlamini oshirish va fuqarolarning idorama-idora sarson boʻlib yurishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Davlat xizmatlari markazlari orqali fuqarolar bugungi kunda 170 dan ortiq turdagi davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati mavjud. Guliston shahar Davlat xizmatlari markazi tomonidan bir kunda oʻrtacha 250-350 nafar fuqaroga davlat xizmatlari koʻrsatib kelinyapti.

    Yana bir eʼtiborli jihati, bu yerda tashrif buyuruvchilarning navbatini tartibga solish va ularga xizmat koʻrsatishni baholab borish maqsadida “QMATIC” qurilmalari tizimi ham oʻrnatilgan. 10 ta qabul oynasida shaffoflik mezoni asosida xizmatlar koʻrsatilsa, elektron navbat tizimi 3 ta monitorda aks etib turadi.

    Albatta, bu xalqimizga zamonaviy va innovatsion xizmat koʻrsatishning istiqbolli tizimi ishga tushganidan dalolat beradi.

    Dilnoz Umurzoqova,

    Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi

    huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻlimi boshligʻi.