Guliston shahar davlat xizmatlari markazida yangi xizmat turi ishga tushdi

    Mamlakatimizda 29 Aprel 2021 1268

    Endi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish xizmati Guliston shahar davlat xizmatlari markazida ham amalga oshiriladi.

    Xabaringiz bor, eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagisi uchun almashtirish muddati joriy yilning yakuniga qadar etib belgilangan.

    Bugundan boshlab Guliston shahrida davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimida yana bir qulaylik yaratildi.

    Milliy haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirmoqchimisiz? Unda Guliston shahar Davlat xizmatlari markaziga tashrif buyuring va ushbu davlat xizmatidan foydalaning.

    Aholiga qulaylik yaratish maqsadida Guliston shahar Davlat xizmatlari markaziga milliy haydovchilik guvohnomasini berish uskunasi o‘rnatilib, yangi davlat xizmati turi bo‘yicha xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

    — Buning uchun o‘zingiz bilan fuqarolik pasporti, eski haydovchilik guvohnomasi va talonni olishni unutmang, — deydi Guliston shahar Davlat xizmatlari markazi direktori Inomjon Yo‘ldoshev. — Markazga tashrif buyurib, elektron navbat oling va navbatingizni kuting. Oradan 10-15 daqiqa o‘tib, sizni markaz operatorlari zarur hujjatlarni rosmiylashtirish uchun taklif etadi. Mazkur xizmat uchun BHMning 70 foizi miqdoridagi to‘lovlarni to‘lash ham siz istagan usulda shu yerning o‘zida amalga oshiriladi. To‘lovni amalga oshirganingiz haqidagi chekni operatorga taqdim etib, fotosuratga tushasiz va planshetda imzo qo‘yib, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini qo‘lingizga olasiz.

    Mazkur davlat xizmatini ko‘rsatishda eksteritoriallik tamoyili amal qiladi, ya’ni yashash hududingizdan qat’iy nazar, ushbu xizmatdan Guliston shahar DXMda foydalanishingiz mumkin, deb xabar beradi DXA Sirdaryo viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.

    Shuningdek, xabar orqali eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga 2021-yilning 31-dekabriga qadar almashtirish belgilanganligini yana bir bor eslatadi.