Guliston shahrida “Alla — muqaddas qoʻshiq” koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtdi

    Ijtimoiy hayot 19 Aprel 2023 1844

    Alla — milliy qadriyatlarimizning bebaho namunasi hisoblanib, u goʻdak xotirasida umrbod muhrlanib qoladi. Farzand uchun oʻz onasidan mehribonroq zot yoʻq. Onasining allasidan, uning ohangidan yoqimliroq kuy ham yoʻq.

    Sirdaryo viloyati tashkil etilganligining 60 yilligi munosabati bilan viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalqimizning milliyligimizga, muqaddas allamizga boʻlgan hurmatini namoyish etish, oila institutini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, dunyo beshigini tebratuvchi onalarga boʻlgan mehr-muhabbat va hurmatni namoyon etish, oʻsib kelayotgan yosh avlodga ota-onaga hurmat, farzandlik burchlarini anglatib, ehtiromini toʻliq ado etishga yoʻnaltirish maqsadida barcha tuman-shaharlarda “Alla” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi.

    — Alla aytish sanʼatini oʻrganish, bu orqali farzandga ona mehrini singdirish, unga oʻzligini anglashga koʻmaklashish – yosh onalarning farzandi oldidagi burchlardan biri, — dedi viloyat “Oqila ayollar” harakati rahbari Hayotxon Ortiqboyeva. — Zero, farzandlar qalbida oʻzi tugʻilib oʻsgan oilasiga, mahallasiga, Ona Vatanga muhabbat tuygʻularini shakllantirishda allaning oʻrni juda muhim.

    Koʻrik-tanlov gʻoliblari “Yosh onalar allasi”, “Farzandlarga alla aytishni oʻrgatish”, “Nabiralarga aytilgan eng yaxshi alla” kabi nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandi.

    Gʻolib va sovrindorlarga diplom va qimmatbaho sovrinlar topshirildi.

    Taniqli sanʼat ustalari va yosh ijodkorlar ishtirokidagi konsert dasturi, goʻzal raqslar tadbirga yanada koʻtarinkilik bagʻishladi.

    Sirdaryo viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi matbuot xizmati.