Guliston shahrida noqonuniy mayning fermalar aniqlandi

    Xavfsizlik 21 May 2022 1166

    Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona hamda ichki ishlar boshqarmalari xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida noqonuniy mayning fermalar faoliyatiga chek qoʻyildi.

    Xususan, Guliston shahrida yashovchi, 1981-y.t., muqaddam sudlangan shaxs viloyat markazidagi noturar binolardan birini ijaraga olib, yashirin ravishda elektr tarmogʻiga ulangan holda mayning qurilmalaridan foydalanishi natijasida davlatga qariyb 532 mln. soʻm miqdorida zarar yetkazgan. Tekshiruv davomida 19 dona mayning qurilmasi hamda boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilib olindi.

    Shunga oʻxshash yana bir holatda esa Toshkent shahrida yashovchi, 1990-y.t. fuqaro Guliston shahrida joylashgan va oʻzining otasiga tegishli boʻlgan MCHJ binosida mayning qurilmalarini oʻrnatgan holda joriy yilning fevral oyidan buyon 40 ming AQSH dollariga teng kriptovalyuta ishlab chiqarganligi maʼlum boʻldi.

    Tekshiruv davomida u mayning sohasida faoliyat amalga oshirganda foydalaniladigan elektr energiyasi uchun toʻlovlarni tegishli tarif guruhiga asosan belgilangan tarifga nisbatan 3 barobar oʻsuvchi koeffitsiyentga muvofiq toʻlamasdan, davlatga 134 mln. soʻmdan ortiq zarar yetkazganligi aniqlandi hamda 148 dona mayning qurilmasi protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.

    Endilikda har ikki qonunbuzar harakatiga nisbatan huquqiy baho beriladi.