Guliston tibbiyot klasterida yana bir murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi

    Salomatlik 1 May 2022 2615

    Sirdaryo viloyati Guliston tibbiyot klasterida chanoq son suyagini yemirilishi bilan bogʻliq endoprotezlash amaliyoti oʻtkazildi.

    Avvallari poytaxtdagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasida amalga oshirilgan yuqori texnologik operativ va konservativ davolash usullarini talab etadigan operatsiyalar olis va chekka hududlarda ham yoʻlga qoʻyilgan.

    Bunday amaliyotlarning hududlarda oʻtkazilayotgani ayniqsa bemor va uning yaqinlari uchun katta qulayliklar tugʻdiryapti.

    Sirdaryo viloyatidagi Guliston tibbiyot klasterida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi malakali mutaxassislari tomonidan oʻta noyob, yuqori texnologik operativ konservativ davolash usulini talab etiladigan chanoq son suyagini yemirilishi bilan bogʻliq endoprotezlash amaliyotini 2 nafar fuqaroda muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

    Jarrohlik amaliyotida Guliston tibbiyot klasterining neyrotravmatologiya boʻlimi travmatologlari ham ishtirok etdi.

    Ushbu, murakkab, yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti imtiyozli yoʻllanmaga ega boʻlgan shaxslarga Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi bilan tibbiyot muassasasi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, kafolatlangan paket doirasida amalga oshirildi. Bemorlarga operatsiya uchun ketadigan barcha xarajatlar esa davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hisobidan qoplab berildi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.

    Shuni aytib oʻtish joizki, muolajaning bunday tizimli yoʻl bilan amalga oshirilishi natijasida tibbiy xizmatlar bozorida ochiqlik va shaffoflik muhiti vujudga kelishdi. Eng muhim jihatlaridan biri, aholining tibbiy yordam uchun toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlovlar darajasini kamaytirish imkonini berdi.

    — Bu kabi, yuqori texnologik operativ va konservativ davolash usullarini talab etadigan suyak son suyagi yemirilishi bilan bogʻliq endoprotezlash amaliyotini oʻtgan yili yoʻlga qoʻyganmiz, — deydi Guliston tibbiyot klasteri neyrotravmatologiya boʻlimi, travmatologi Sevara Otayeva.— Joriy yilning oʻzida shu turdagi operatsiyalardan 10 tasini oʻtkazdik. Bunda bizga Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan oʻrnatilgan hamkorlik aloqalari nihoyatda qoʻl kelyapti. Ushbu markaz mutaxassislari bilan mahorat darsi tariqasida oʻtkazgan operatsiya ham muvaffaqiyatli amalga oshirildi.