Gulistonda jamoat transportida yoʻl haqi avtomatlashtirilgan ravishda toʻlanadi

    Transport 23 Iyul 2021 1458

    Guliston shahri jamoat transportida yoʻl haqini toʻlashning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etildi.

    Guliston shahrining ichki yoʻnalishlarda qatnovchi barcha jamoat transportida yoʻl haqi toʻlovlarini naqd pulsiz shaklda amalga oshirish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizim joriy etildi.

    Bugungi kunda Guliston shahrida 11 ta yoʻlovchi tashish yoʻnalishlarida avtobus qatnovlari yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur yoʻlovchi tashish yoʻnalishlarida 6 ta mahalliy tashuvchi korxonalar oʻzlariga qarashli 54 dona ISUZU rusumli avtobuslarda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatib kelmoqda.

    Hozirda 8 ta yoʻnalishlarda harakatlanayotgan avtobuslarning barchasi elektron kartalar orqali toʻlovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi mobil validatorlar bilan toʻliq taʼminlandi.

    Shunday qilib, Guliston shahri jamoat transportida yoʻl haqini toʻlashning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilgan respublikadagi ikkinchi shahar boʻldi. Ayni damda yoʻlovchilar Guliston shahri jamoat transportidan foydalanganda toʻlovlarni yagona transport kartalari orqali amalga oshirish imkoniyatiga ega.

    Shaharning ikkita hududi Guliston dehqon bozori, Buyuk kelajak massivida yagona transport kartalarini sotish va ularga xizmat koʻrsatish nuqtalari tashkil etilgan.

    Yagona transport kartalari bugungi kunda aholiga 5 000 (besh ming) soʻmdan sotilmoqda. Ushbu karta balansida 5 000 (besh ming) soʻm miqdoridagi mablagʻlar mavjud. Hozirga qadar aholiga 700 (yetti yuz) dan ortiq yagona transport kartalari sotilgan, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.