Gulistonda yangi davlat maktabgacha taʼlim muassasasi foydalanishga topshirildi

    Mamlakatimizda 22 Dekabr 2021 1586

    Guliston shahrining “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 3-sonli davlat maktabgacha taʼlim muassasaning yangi, zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi.

    Furqat Toshmatov olgan suratlar

    — Muassasaning eski binosi 1963-yillar atrofida qurilgan boʻlib, yaroqsiz holga kelib qolgandi, — deydi 3-sonli davlat maktabgacha taʼlim muassasa mudirasi Durdona Bozorboyeva. — Muassasa binosi manzilli dasturga kiritilishi eski binoning buzib, uning oʻrnida yangi, zamonaviy, ikki qavatli bino qurilishiga olib keldi. Buning uchun davlat byudjetidan 4 milliard 170 million soʻm mablagʻ ajratildi.

    Bekobod tumanida joylashgan, Furqat Otaquziyev rahbarligidagi “Laylo, Diyorbek” masʼuliyati cheklangan jamiyat quruvchilari qisqa fursatlarda muassasa binosini qurib, foydalanishga topshirdi.

    Eski va butunlay yaroqsiz xolga kelgan binoda avvallari 90 nafar bola tarbiyalangan boʻlsa, yangi, zamonaviy binoda 150 nafar bolajonlar tarbiyalanadi. Ular uchun bu yerda barcha shart-sharoit bor. Bejirim va chiroyli jihozlar esa Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan berilgan. Tadbirlar zali, oʻyinlar xonasi, toʻgaraklar uchun xonalar, moʻjaz hovlisida esa choʻmilish hovuzchasi, yozgi shiyponchalar mavjud.

    Bolajonlar 5 guruhga ajratiladi, ularga muassasaning malakali 30 nafar pedagog xodimlari, yaʼni tarbiyachi, psixolog, defektolog va boshqa mutaxassislar rus, ingliz tili, shaxmat, shashka, rasm chizish, badiiy gimnastika turlari boʻyicha saboq beradi.

    Gʻulom Primov.