Gulistondagi oshxonada portlash yuzasidan 3 kishi qamoqqa olindi

    Guliston shahridagi “Bek Family Cafe” oshxonasida gaz aralashmasi chaqnashi oqibatida sodir boʻlgan portlash hodisa boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Bu haqda IIV maʼlum qildi.

    Tergov maʼlumotlariga koʻra, Guliston shahar, Taraqqiyot mahallasi hududida joylashgan “Bek Family Cafe” MCHJga qarashli umumiy ovqatlanish shoxobchasi oshxonasida 50 litr hajmdagi suyultirilgan propan gaz balloni oʻchoqqa yongʻin xavfsizligi qoidalariga zid ravishda ulangan.

    Joriy yilning 2-dekabr kuni soat 10:50 larda gaz ballonidan sizib chiqqan uglevodorod gazi va havo aralashmasining chaqnashi oqibatida portlash yuzaga kelgan.

    Oqibatda 29 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialiga yotqizilgan.

    Olgan tan jarohatlari natijasida 3 nafar fuqaro vafot etgan.

    Bemorlardan 5 nafarining ahvoli qoniqarli boʻlgani sababli tibbiy yordam koʻrsatilib, uylariga javob berilgan, qolgan bemorlarga malakali tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda.

    Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 192¹¹-moddasi 1-qismi, 257-moddasi 2-qismi “a,b« bandlari va 259-moddasi 2-qismi “a,b” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, «Bek Family Cafe” MCHJ mansabdor shaxslarining 3 nafari protsessual tartibda qamoqqa olingan.

    Hozir Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari – IIV huzuridagi Tergov departamenti boshligʻi Ramazon Ashropov boshchiligida hamkor idoralarning mutaxassislaridan tashkil topgan tergov guruhi tomonidan barcha zaruriy tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.

    Tergov jarayoni nazoratga olingan boʻlib, yakuniga koʻra qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi hamda jamoatchilikka axborot beriladi.