Gulistonga Xitoydan 8 ta zamonaviy avtobus olib kelindi

    Avtobuslarning Sirdaryo viloyati markazidagi yoʻlovchilar oqimi yuqori boʻlgan, shuningdek, bir qator yangi yoʻnalishlarda qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.

    Joriy yil yakuniga qadar Sirdaryo viloyatida jamoat transporti parklari 40 ta yangi avtobuslar bilan toʻldirilishi rejalashtirilgan.

    Dastlabki bosqichda “Uchlik Ishonch Savdo” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Xitoyning Yutong Bus kompaniyasida ishlab chiqarilgan 8 ta ekologik toza, har tomonlama qulay va zamonaviy boʻlgan ZK6890HG rusumli yangi avtobuslar olib kelindi.

    Bugun ularni tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Marosimda viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev, Transport vazirligi masʼullari, tadbirkorlar, nuroniylar, deputatlar, OAV vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

    Yigʻilganlar avtobuslarning texnik xususiyatlari va qulayliklari bilan tanishdi. 26 oʻrindiqli yangi jamoat transporti iqlimimizga mos sovitish va isitish vositalari, shuningdek, “GPS” tizimi va maxsus videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Salonda elektron toʻlov tizimini amalga oshirish qurilmasi ishlaydi.

    Avtobuslarning viloyat markazidagi yoʻlovchilar oqimi yuqori boʻlgan, shuningdek, bir qator yangi yoʻnalishlarda qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Natijada mavjud yoʻnalishlardagi qatnovlarning oraliq vaqti qisqaradi. Qolaversa, shaharning ichki sayyohlik jozibadorligi oshadi. Bundan tashqari 10 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi.