Gulistonlik akusherlar Yaponiyaning 100 ming dollarlik grantini qoʻlga kiritdi

    Salomatlik 5 Oktabr 2021 2978

    Guliston shahar tibbiyot birlashmasi akusherlik kompleksi shifokorlari Yaponiyaning “Kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga begʻaraz yordam” dasturida oʻz loyihalari bilan ishtirok etib imtiyozli grant sohibi boʻldi.

    — Homilador va homiladan keyingi holatdagi bemor ayollarga malakali tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini Gulistonda yoʻlga qoʻyish borasidagi yangi, innovatsion loyihamiz asosida ishtirok etdik, — deydi tugʻruq kompleksi mudiri Shahlo Nazarova. — Loyiha tashabbuskorlari taqdim etgan loyihamizni oʻrganib chiqishdi. Maʼqul boʻlgan boʻlsa kerak, bizga 100 ming dollarlik grantni taqdim etdi.

    Yaqinda mazkur akusherlik kompleksiga Yaponiyaning KIKO GLOBAL CO,.LTD tashkiloti oʻtkazilgan grant loyiha asosida umumiy qiymati 90 900 dollar miqdoridagi 1 ta jarrohlik stoli, 1 ta oʻpkaga sunʼiy havo berish jihozi ART-300, 1 ta zamonaviy jarrohlik jihozi ACUTOR SR-II, 1 ta CR Operation Light Crystal series CR04SC Operatsiya lampasi, 1 ta Elektrokardiograf 8 100 kabi tibbiy asbob uskunalarni taqdim etdi

    Endi gulistonlik akusher va ginekologlar grant loyiha asosida Guliston shahar tibbiyot birlashmasining akusherlik kompleksiga keltirilgan zamonaviy, eng soʻngi rusumdagi tibbiy jihozlardan foydalangan holda endigina ona boʻlgan va tugʻish yoshidagi ayollarga malakali xizmat koʻrsatadi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.