Gulistonlik Toʻlqin Toʻrayev va Robiya Toʻrayevalar xonadonida uch egizak dunyoga keldi

    Salomatlik 30 May 2022 2777

    Joriy yil 4-yanvarda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani “Anorzor” mahallasida yashovchi 27 yoshli Maftuna Toshpoʻlatova birvarakayiga 3 nafar, ikki nafar qizaloq, bir nafar oʻgʻil bolaning onasiga aylangandi.

    Muhammad Karim olgan suratlar

    Oradan uncha koʻp vaqt oʻtmadi. Ana shunday baxt Guliston shahridagi “Bogʻishamol” mahallada istiqomat qilayotgan Toʻlqin Toʻrayev va Robiya Toʻrayevalarga ham nasib etdi. Ular ham “anorzor” lik Maftuna kabi, Madina, Mustafo, Mubinalarning sevimli ota-onasiga aylandi.

    Sirdaryo viloyat perinatal markazi direktori, akusher-ginekolog Xanifa Sodiqova, markaz akusherlari Yulduz Ukibayeva, Svetlana Musabekova yordami bilan chaqaloqlar jarrohlik yoʻli bilan oʻtkazilgan tugʻruq amaliyoti natijasida 15-mayda dunyoga keltirilgan.Tugʻilganda bolalarning vazni 1,6 —1,9 kilogrammdan oshmaganligi bois, ular oʻn besh kun mobaynida markaz vrachlari va hamshiralari nazoratida boʻldi. Ayni vaqtga kelib Madinani vazni 1,83 kilogrammni, oʻrtanchasi Mustafoni vazni 2,37 kilogrammni, eng kichigi Mubinani vazni esa 1,8 kilogrammni tashkil etyapti.

    — Chaqaloqlarni salomatligi yaxshi, — deydi markaz direktori Xanifa Sodiqova. — Ularga belgilangan tartibda tibbiy xizmat koʻrsatildi. Oʻn besh kun mobaynida shifokor va hamshiralar nazoratida boʻldi. Bugun esa ularga javob beryapmiz. Endi ular, oila shifokori nazoratida boʻladi. Belgilangan tartibda chaqaloqlar parvarishiga yordam berib, oʻz amaliy maslahatlarini berib boradi.

    Madina, Mustafo va Mubina Gulistonlik Toʻlqin Toʻrayev va Robiya Toʻrayevalarning birinchi farzandlari.

    Gʻulom Primov,

    Sirdaryo viloyat

    sogʻliqni saqlash boshqarmasi

    matbuot kotibi.