Gullar shahri Namanganda II xalqaro asal festivali o'tkaziladi

    Turizm 24 Oktabr 2023 2510

    Shu yil 27–29-oktyabr kunlari viloyat markazining Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida II xalqaro asal festivali bo'ladi.

    O'tgan yili ilk marotaba tashkil etilgan festivalda respublikamiz turli hududlarida faoliyat ko'rsatayotgan, Qirg'iziston, Qozog'iston, Tojikiston va Rossiya davlatlaridan tashrif buyurgan 300 dan ziyod tajribali asalarichi qatnashgandi.

    Bu galgisida “Imkoniyati cheklangan fuqarolar, kam ta'minlangan oilalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga asal ulashamiz!” aksiyasi orqali 2 tonna asal bepul tarqatish rejalashtirilgan. Shuningdek, sotuvi yo'lga qo'yiladi. Qolaversa, asalarichilik mahsulotlari xaridini amalga oshirish mumkin.

    Taniqli san'atkorlar ishtirokida galakonsertlar va boshqa tadbirlar uyushtiriladi. Hamkorlikka oid rasmiy hujjatlar imzolanadi.

    Mohir bolchilar mutaxassislar tomonidan yetti yo'nalish bo'yicha munosib baholanadi. G'oliblar viloyat hokimligi, turizm boshqarmasining qimmatbaho sovrinlari bilan taqdirlanadi.

    - Uch kun davom etadigan xalqaro asal festivali Namanganni dunyoga yanada tanitishi barobarida viloyat turizmining o'ziga xos “tashrif qog'ozi”ga aylanishi, shubhasiz, - deydi viloyat hokimining o'rinbosari Botirxon Nuriddinov.

    Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni va xorijiy sayyohlarni mazkur ajoyib bayramga chorlaymiz!

    Orifjon JO'RAYEV,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri