баннер
21 Mar 2025
21:17

    Gullar shahri — Namanganga xush kelibsiz!

    Mamlakatimizda 18 Fevral 2021 4433

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev avvalgi - 2020-yil 26-27-iyun kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida Namangan shahridagi temir yoʻl vokzalida amalga oshirilgan qurilish-rekonstruksiya ishlari bilan tanishgan edi.

    fotoarxiv

    Maʼlumot oʻrnida, bu yerda 24 milliard soʻmlik bunyodkorlik ishlari bajarildi. Vokzaldagi kutish va komfort zallari, bufet, tibbiyot punkti, ona va bola xonasi, elektron maʼlumotlar markazi, kutubxona, milliy sovgʻalar, gazeta-jurnallar shoxobchasi, yuklarni vaqtinchalik saqlash xizmati kabi barcha boʻlimlar zamonaviy andozalarda tashkil etildi. Bundan tashqari, majmuaga qoʻshimcha ravishda 33 oʻrinli mehmonxona qurib bitkazildi. Natijada Namangan temir yoʻl vokzali zamonaviy qiyofa kasb etib, bir vaqtning oʻzida 250 nafar, sutkasiga 2,5 ming nafar yoʻlovchiga zamonaviy xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻldi. Vokzal Fargʻona vodiysi halqa temir yoʻli boʻylab tezkor elektropoyezdlar qatnovida vodiy shaharlari va mamlakatimizning boshqa hududlari bilan transport bogʻlanishida muhim boʻgʻin boʻlib xizmat qiladi.

    Kuni kecha, 16-fevraldan boshlab Toshkent—Namangan—Andijon yoʻnalishidagi yoʻlovchi poyezdi qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Chipta narxi ekonom klass uchun 75 ming soʻm, biznes klass uchun esa 105 ming soʻm etib belgilangan. Toshkent—Namangan—Andijon yoʻnalishidagi yoʻlovchi poyezdi haftaning seshanba va juma kunlari, Andijon—Namangan—Toshkent yoʻnalishidagi poyezd esa chorshanba va shanba kunlari harakatlanadi.
    Poytaxtga yoʻl oladigan poyezd Namangan shahridagi vokzalga toʻxtab oʻtishi uzoq yillardan beri kutilayotgan voqeadir. Shu paytgacha buning uchun viloyatning Pop tumanidagi bekatga borish uchun salkam 70 kilometr yoʻl bosishga toʻgʻri kelardi.

    15-fevraldan boshlab Andijon—Nukus va Nukus—Andijon yoʻnalishlarida ham poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Bu bilan vodiydan olis Qoraqalpogʻistonga yoʻlga chiqish istagidagi kishilarning mushkuli ancha osonlashadi.
    - Bugungacha Qoʻqon-Namangan-Qoʻqon va Qoʻqon-Margʻilon-Andijon yoʻnalishlarida shaharlararo poyezdlar yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatmoqda. Darvoqe, endi haftaning har seshanbasida Fargʻona vodiysi boʻylab halqa elektropoyezdi yuradi. Namangandan yoʻlga tushgan poyezd Andijon, Margʻilon va Qoʻqon bekatlarida toʻxtab oʻtib, yana Namanganga qaytib keladi. Chipta narxi ham qimmat emas — 16 ming soʻm», — deydi Namangan temir yoʻl vokzali boshligʻi Bahodir Nabijonov.

    16-fevral, soat 22:08. Toshkent markaziy vokzalidan harakatini boshlagan «Toshkent-Namangan-Andijon» va «Andijon-Namangan-Toshkent» yoʻnalishidagi 64/63-sonli yoʻlovchi poyezd Namangan shahar vokzaliga ilk yoʻlovchilari bilan yetib keldi. Fuqarolardan biri manzilida oʻz vaqtida hozir boʻlganini taʼkidladi.

    Norin tuman hokimligi axborot xizmati xabariga koʻra, mazkur yoʻnalishdagi poyezd tunda Haqqulobod vokzalida ham 1-2 daqiqa toʻxtab, Andijonga yoʻl oldi.

    - Endilikda Norindan Toshkentga toʻgʻridan-toʻgʻri poyezdda borish imkoni bor. 2008-yildan, yaʼni 13 yildan beri poytaxtimizga Namanganning oʻzidan reys yoʻq edi. Bugun “passajir” poyezdini qabul qildik, tajriba-sinovi muvaffaqiyatli oʻtdi. Bu, albatta, quvonarli hol. Xudo xohlasa, hamyurtlarimiz uchun yana-da yaxshi boʻladi. Bexatar safarlari taʼminlanadi, - deydi 61-Haqqulobod bekati rahbari Nurillo Ahmadjonov.

    17-fevral, ertalabki soat 8:55. Andijon vokzalidan harakatini boshlagan «Andijon-Namangan-Toshkent» yoʻnalishidagi 64/63-sonli yoʻlovchi poyezdi Namangan shahar vokzalidan oʻzining birinchi yoʻlovchilarini Toshkent shahriga olib ketdi va qariyb 5 soat davomida eson-omon manzilga eltib qoʻydi.

    - Ochigʻi, xursandchiligimiz cheksiz. Sababi 15 yildan buyon kutilgan yangilik. “Qamchiq” dovonidan Toshkentga koʻp qatnayman. Yoʻl haqi qoniqtiradi, chipta narxi oʻrtacha, xullas, hammasi maʼqul. Avtomobilga chiqadigan boʻlsak, 150 ming soʻmgacha koʻtarilib ketardi. Ayniqsa, keksalar va bolalar erkin va qiynalmay manzilga borishlari uchun ayni muddao boʻldi, poyezd boshqachada. Shu qulaylik uchun Yurtboshimizga, temir yoʻl tizimi mutasaddilariga va xodimlariga, poyezd xizmatchilariga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz, - deydi yoʻlovchilardan biri Murodali Asqarov mamnun holda.

    «Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi» aksiyadorlik jamiyatining tezyurar poyezdlar harakati boʻyicha masʼul Bahrom Karimov biz bilan suhbatda quyidagilarni soʻzlab berdi. “Hozirga qadar Andijon, Margʻilon, Qoʻqon va Pop vokzallari orqali Toshkent, Buxoro, Xiva hamda Termiz shaharlariga yoʻlovchi poyezdlar qatnovi amalga oshirib kelinayotgan edi. Endi esa vodiyga Namangan shahri orqali poyezd qatnovi mahalliy aholi talab va istaklaridan kelib chiqib yoʻlga qoʻyildi. Qolaversa, Prezidentimizning bu boradagi farmoni va topshiriqlari ijrosini bajarish, ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadi ham koʻzlangan. Mazkur poyezd yoʻnalishi davomida Pop vokzali, Chust, Toʻraqoʻrgʻon, Rovuston stansiyalari hamda Namangan vokzali, shuningdek, Chortoq, Uychi, Haqqulobod, Poytugʻ stansiyalaridan oʻtib, Andijon vokzaliga kirib boradi. Vagon va kupelarimizda barcha sharoit va qulayliklar mavjud. Avvalo, Namangan ahlini tabriklaymiz va barchani poyezdda yurishga taklif qilamiz!..”

    Ha, gullar shahri Namanganga uzoq yillik tanaffusdan soʻng yana poyezd qatnay boshladi. U oʻzi bilan namanganliklarga shodlik va quvonch olib keldi.


    Orifjon JOʻRAYEV,
    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining Namangandagi muxbiri.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech