Gulruhbegim Rossiyaning Sochi shahrida shaxmat boʻyicha erkaklar va ayollar oʻrtasida oʻtkazilgan FIDE Jahon Kubogida AQSH terma jamoasida debyut qilib, 1/32 final bosqichiga yetib borgandi.

Taqqoslash uchun, aynan shu musobaqada ishtirok etgan Oʻzbekiston ayollar terma jamoasining har ikkala vakilasi - Nilufar Yoqubboyeva va Umida Omonova birinchi davradayoq magʻlubiyatga uchrab, Jahon Kubogidagi ishtiroklarini yakunlashgan edi.

Tohirjonova Oʻzbekistondan ketishiga kim sababchi boʻlganligiga bizga bergan intervyusida maʼlum qildi.

"Menga oxirgi payt Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasida boʻlayotgan ishlar haqida jurnalistlar savollar berishyapti. Shundan kelib chiqib shu va boshqa savollarga ham javob berishga qaror qildim.

“Rostan ham ketishingizga Federatsiya raisi oʻrinbosari Husan Turdaliyev sabab boʻlganmi?” deb soʻrashdi.

Ha, haqiqatan ham ketishimga Turdaliyev va uni qilgan ishlari sabab boʻlgan. Birinchisi, meni opalarim bilan Oʻzbekiston terma jamoasida Oʻzbekiston sharafini himoya qilishimizga ruxsat berilmagan. Va hech qachon uch opa-singilda hech qaysi turnirda Oʻzbekiston sharafini himoya qilishga imkon boʻlmagan. Moliyaviy tarafdan 15 yil ichida federatsiya tarafidan qoʻllab-quvvatlanmaganmiz. Bunga oʻxshash vaziyatlar koʻp va bular haqida gapirib oʻtirmayman.

“Oʻzbekistonga qaytib kelasizmi? Qachon qaytasiz?” degan savollar ham koʻp boʻlyapti...

... Qiziqayotganingiz uchun katta rahmat. Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov federatsiya rahbariyatiga kelganidan keyin juda ham katta oʻzgarishlar boʻldi. Ular juda ham yuqori darajadagi, yaxshigina mukofot jamgʻarmasiga ega turnirlarni tashkil qilishdi. Oʻzbekiston yoshlariga, mamlakat shaxmatiga boʻlgan qiziqish, munosabat oʻzgardi. Juda katta qoʻllab-quvvatlanish boʻlyapti. Bu oʻzgarishlarni koʻrib juda ham quvondim. Men qaytishim mumkin, agar federatsiyada oʻzgarishlar boʻlsa. Albatta, oʻz yurtim sharafini himoya qilishdan juda ham xursand boʻlardim. Lekin oʻsha sharoitda men oʻsishim uchun boshqa davlatga ketishim kerak degan qarorga kelgan edim.