Gumonlanuvchini qoʻlga olishda yordam bergan talaba ragʻbatlantirildi

    Yigit oliy oʻquv yurti oʻqituvchilari va talabalari ishtirokidagi yigʻilishda Jizzax viloyati IIB tomonidan esdalik qoʻl soati, 5 million soʻm pul va ota-onasi nomiga tashakkurnoma bilan taqdirlandi.

    Shu yilning 19-aprel kuni Zarbdor tumanining Oqbuloq mahallasida yashovchi erkakni oʻzaro kelishmovchilik tufayli Zomin tumanining Neboʻsa mahallasi yashovchi shaxs pichoqlab, voqea joyidan yashirindi. Jabrlanuvchi koʻp oʻtmay shifoxonada jon berdi.

    Oʻz navbatida, Ichki ishlar organlari xodimlari gumonlanuvchini qidirishga tushdi Chunonchi, kuzatuv kameralar xotirasidagi tasvirlar oʻrganila boshladi. Shuningdek, gumondor yashirinishi mumkin boʻlgan joylar koʻzdan kechirildi.

    Mazkur jarayonda qotillikda gumon qilinayotgan erkak turmush oʻrtogʻiga qoʻngʻirov qilgani aniqlandi. Tabiiyki, IIO xodimlari oʻsha raqam bilan bogʻlanishdi.

    Jinoyat qidiruv boʻlimi xodimlarining maqsadi gumonlanuvchining IIOga kelishiga undash edi.

    Ammo qoʻngʻiroqda boshqa yigit javob qaytardi.

    — Koʻchada ketayotganimda bir fuqaro mendan telefonimdan foydalanib olishini soʻradi. Turmush oʻrtogʻiga telefon qilib, jinoyat sodir etganini aytdi, jabrlangan shaxsning ahvoli haqida soʻradi. Undan soʻng 10 daqiqalar oʻtgach, Jizzax viloyati IIB xodimlari menga telefon qilib, oʻsha odam jinoyat sodir etgani va uning izidan kuzatishimni soʻrashdi. Izidan kuzatib bordim va Toshkent shahri IIO xodimlari yordamida jinoyatchini ushladik», — dedi Davlat jahon tillari universitetining 2-bosqich talabasi Mirzabek Elmurodov.

    Yigit oliy oʻquv yurti oʻqituvchilari va talabalari ishtirokidagi yigʻilishda Jizzax viloyati IIB tomonidan esdalik qoʻl soati, 5 million soʻm pul va ota-onasi nomiga tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Gumonlanuvchini qoʻlga olishda ishtirok etgan Shayxontohur tumani IIBning 4 nafar xodimiga ham esdalik sovgʻalari topshirildi.