Raqobat qoʻmitasining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan monitorning natijasida, “Gurlan global teks” MCHJ tomonidan 2023-yildan 2024-yilning 1-avgustgacha boʻlgan faoliyati davomida 54 holatda 3 778,0 tonnadan ziyod 55,9 mlrd soʻmga yaqin paxta tolasi, lint (paxta momigʻi), paxta yogʻi va sheluxa mahsulotlari toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sotilganligi aniqlandi.
Shuningdek, ushbu mahsulotlarni 2023-2024-yillar davomida birja savdolarida shakllangan oʻrtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda 7 ta holatda mahsulot narxlarini yuqori qoʻllash natijasida jami 173 mln soʻmga yaqin miqdorda tafovut (farq) holatlari aniqlandi.
Bundan tashqari, klaster korxona tomonidan 2023-yildan 2024-yilning 1-avgustgacha boʻlgan vaqt davomida 45 holatda 3 407,0 tonnadan ziyod 53,5 mlrd soʻmga yaqin paxta tolasi va lint (paxta momigʻi) mahsulotlari birja savdolarida shakllangan oʻrtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda mahsulot narxlarini birja kotirovka narxlariga nisbatan arzon narx qoʻllash natijasida jami 5,5 mlrd soʻmga narxlarda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sotilganligi maʼlum boʻldi.
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, Xorazm viloyati hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “Gurlan global teks”” MCHJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli taʼsir chorasi qoʻllanildi.
Shu bilan birgalikda, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.