Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, inspektor harakat davomida shubha uygʻotgani sababli hushtak va jezl yordamida avtomashinani toʻxtatmoqchi boʻlgan. Biroq haydovchi - 2002-yilda tugʻilgan O.A. (haydovchilik guvohnomasi mavjud emas) YPX inspektorining qonuniy talablariga boʻysunmasdan harakatni davom ettirdi.
150-200 metr oʻtib ortga qayrilib olgan vaqtida, YPX inspektori qayta toʻxtash ishorasini berib, avtomashinalar harakatini toʻliq toʻxtatgan. O.A. IIO xodimining qonuniy talablarini qasddan bajarmagan holda, YPX inspektorini ustiga mashinasini haydab, uni urib yuborgan.
Oqibatda YPX inspektori X.Sharipov “Ikkala son suyagi sinishi” tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) va 266-moddasi 1-qismi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.