G'uzor tumanidagi markaziy ko'chalarning biriga atoqli adib va shoir Husanjon Aminov nomi berildi

    Shu kuni adibning saylanma kitoblari taqdimoti ham bo'lib o'tdi.

    Shu munosabati bilan tumanda Husanjon Amin G'uzoriyning xotira kechasi bo'lib o'tdi. Unda ko'p yillar G'uzor tumanida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan va umrining oxirgi yillarini tuman gazetasi rivojiga bag'ishlagan iste'dodli jurnalist, atoqli shoir va adibning buyuk siymosi hamda o'lmas ijodi yana bir bor yodga olindi.

    Tadbirga ishtirok etgan G'uzor tumani hokimi Bekzod Suyunov katta ko'chalardan biriga Husanjon Aminov nomi berilganini quvonch bilan ta'kidladi. Tadbirda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi rahbari G'ulom Abdiyev ijodkorning unutilmas hayot yo'li va u qoldirgan asarlar xususida to'xtalib o'tdi.

    Shoirning to'ng'ich o'g'li, professor Hamza Aminov padari buzrukvoriga ko'rsatilayotgan hurmat, uning xotirasini abadiylashtirish yo'lida qilinayotgan ishlar uchun hukumatimiz, viloyat va tuman hokimligiga Husanjon Amin G'uzoriyning oilasi nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi. O'z navbatida, Hamza Aminovga buyuk shoirning xotira kechasini tashkil qilishdagi tashabbuskorligi va jonkuyarligi uchun tashakkurnoma hamda kitoblar tuhfa qilindi.

    Shu kuni adibning “Hayot misli daryodir”, “Bu dunyo o'zi hayron” nomli saylanma kitoblarining taqdimoti ham bo'lib o'tdi. Maktablar va maktabgacha ta'lim muassalari hamda tadbirga tashrif buyurganlarga kitoblar tarqatildi.