Materiallar mamlakatimizning turizm salohiyati va tarixiy shaharlarimizga bagʻishlangan.
Ushbu nashrlarda Oʻzbekistonning boy maʼnaviy-tarixiy merosi, yil sayin rivojlanib borayotgan turizm salohiyati xorijda tobora katta qiziqish uygʻotayotgani taʼkidlangan.
Mualliflar Oʻzbekiston, xususan, Buxoro shahriga sayohati, ulugʻ allomalarimiz maqbaralari ziyoratidan olgan taassurotlarini bayon qilgan. Ularning qayd etishicha, Oʻzbekistonning jozibadorligini oshiradigan qator jihatlar bor. Xususan, Samarqanddagi dunyoga mashhur qadamjolar va Registon maydoni, Buxorodagi “Yetti pir” ziyoratgohlari har qanday kishini oʻziga jalb etishi tayin.
Turk jurnalistlarining yozishicha, jahon tarixida munosib iz qoldirgan ushbu qadimiy goʻzal mamlakatning tarixiy durdonalarni har bir inson umri davomida bir marta boʻlsada oʻz koʻzi bilan koʻrishi shart.
Materiallarda Oʻzbekistonning boshqa hududlaridagi ziyoratgohlar haqida ham atroflicha maʼlumotlar berilgan. Shuningdek, turkiyaliklarni Oʻzbekistonga imkon qadar uzoqroq vaqt davomida qolish va ziyorat qilishga daʼvat etilgan.
“Bir haftalik sayohat Oʻzbekistonni kashf qilish uchun yetarli emas. Bu serquyosh diyorga imkon qadar koʻproq muddatga safar qiling”, — deb yozadi mualliflar.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati