Hadis rivoyat qilish odobi

    Hadis ilmi tarixiga yana ham chuqur nazar tashlaydigan bo'lsak, dastlab xalifa Umar bin Abdulaziz buyrug'iga binoan Ibn SHihob Zuhriy sodda qilib bir kitob ta'lif etgan.

    Sahobalar yorug' dunyoni tark etganidan so'ng tobeinlar asri, shu bilan birga, fitna, adashgan firqa va bid'atlar davri boshlandi. Bu boshboshdoqliklar fitna eshigi sindirilishi bilan boshlangan edi. Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Umarning oldida edik. SHunda u: “Qaysingiz Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning fitna haqidagi hadislarini o'zlari aytgandek yoddan biladi?” dedi. “Men”, dedim. U: “Sen hadisi ravshan kishisan, nima dedilar?” dedi. “Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning: “Odamning fitnasi ahlida, mol-mulkida, nafsida, farzandida va qo'shnisidadir. Ularni ro'za, namoz, sadaqa, amri ma'ruf va nahiy munkar yuvib yuboradi”, deganlarini eshitganman”, dedim. SHunda Umar: “Buni so'ramayapman, dengiz to'lqini kabi keladigan (fitna) to'lqinni so'rayapman”, dedi. “U bilan sizning nima ishingiz bor, ey amir ul-mo'minin! Siz va uning o'rtasida yopilgan bir eshik bor”, dedim. U: “eshik sindiriladimi yoki ochiladimi?” dedi. “Sindiriladi”, dedim. Umar: “Unday bo'lsa, hech qachon (qiyomat kunigacha) yopilmas ekan-da”, dedi. Biz Huzayfaga: “Umar eshik haqida bilarmidi?” dedik. U: “Ha, ertadan oldin kechasi bo'lishini bilgandek bilar edi”, dedi” (“Sahihi Muslim” muqaddimasidan).

    SHu eshik Umar roziyallohu anhuning qatli bilan sindirilgan edi. Buni majusiy qilgan. SHu sababli fitnalar eshigi ochilgan.

    Keyinchalik asli majusiy bo'lgan Abu Lu'lu'a Feruzning ochgan yo'lini yahudiy Abdulloh ibn Saba' davom ettirdi. U Islomdagi har bir fitnaning asosi bo'lib qoldi. Keyin fitna va bid'atlar ergashib, inson o'z fe'li (xatti-harakati)ning yaratuvchisi deydigan qadariylar, so'ng aqllariga tayangan holda Ollohning kitobi va Rasulining sunnatiga qarshi chiqqan jahmiylar, sunnatni mutlaq inkor qilgan rofiziylar, aql-idrokni aqidaning asosi deb e'tirof etgan, o'zlarini tavhid va adolat tarafdorlari, deb bilgan mo''taziliylar va boshqa adashgan firqalar paydo bo'la boshladi.

    Fitna, bid'at va adashgan firqalar tarqalgan paytda kelajak avlod bo'lmish tobeinlar, ularning izdoshlari, ulardan keyingi asrning ulamolari sunnatni saqlash uchun hadislarni asrab-avaylash, musnadni aniqlashtirish, musulmon ummatining xususiyatiga aylangan, natijada rijol ilmi, ya'ni hadis rivoyat qiladigan kishilarning holati va xabarlari naqlidan xabardor bo'lish kabi omillarga e'tibor qaratdi.

    Sahifa va ma'lum qismlarda yozish bilan boshlangan sunnat keyinchalik “Kutub us-sitta” (“Olti mashhur sahih kitob”) va “Muvatto” kabi alohida-alohida boblarga bo'lingan, muayyan kitob holiga keltirilgan asarlar yoki “Musnadi Ahmad” kabi musnadlar shaklida rivojlangan.

    Hadis ilmi tarixiga yana ham chuqur nazar tashlaydigan bo'lsak, dastlab xalifa Umar bin Abdulaziz buyrug'iga binoan Ibn SHihob Zuhriy sodda qilib bir kitob ta'lif qilgan. Rasmiy ravishda hadis kitoblari yozish shundan boshlangan. Ulamolar bunday muborak va mas'uliyatli vazifaga bel bog'lab, sunnatni ishonchli, adolatli rivoyatlardan olishni, sunnati nabaviyaning pok, sof ekanini isbotlashni o'z oldiga vazifa qilib qo'ygan. Tobeinlar bu maqsadga erishish yo'lida insoniyat tarixida misli ko'rilmagan darajada ulkan, nozik va o'ta qaltis ish olib borgan.

    Mazkur omillar tufayli tobeinlar davrida sunnatni o'rganishning o'ziga xos jihat va shartlari paydo bo'ldi. Hadis roviylarining holati, xabarlarning naql qilinishi va ishonchli bo'lmaganlarini muomalaga kiritmaslik kabi mavzular birinchi o'ringa qo'yildi.

    Buning nechog'li mas'uliyatli ish bo'lganini quyidagi hadislardan bilib olsak bo'ladi.

    Imom Muslim ibn Hajjoj: “Bilgin, Olloh seni muvaffaq qilsinki, hadisning to'g'ri va noto'g'risini ajratgan har bir kishi faqat ishonchli, sofdil odamlar naql etgan hadislarnigina rivoyat qilib, bid'atchi va o'zbilarmonlar rivoyat qilgan hadisdan chetlanishi lozim”, deydi.

    Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan bir hadisda: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Oxir zamonda yolg'onchi dajjollar paydo bo'ladi. Ular na siz va na otalaringiz eshitgan hadislarni olib keladi. Bas, ulardan chetlanib, o'zingizni yiroq tuting. Sizni adashtirib, fitnalantirib qo'ymasin”, dedilar”, deydi.

    Mujohiddan rivoyat qilingan yana bir hadisda: “Bushayr Adaviy Ibn Abbos roziyallohu anhu huzuriga kelib, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam unday deganlar, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam bunday deganlar, deb gapira boshladi. Ibn Abbos uning gapiga quloq ham tutmadi, qarab ham qo'ymadi. SHunda u: “ey Ibn Abbos, nima bo'ldi, hadisimga quloq solmayapsiz, sizga Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilsam, eshitmayapsiz, gapirsam, unga quloq tutayotganingizni ko'rmayapman”, deganida, Ibn Abbos: “Biz ilgari agar biror kishidan Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar, degan so'zni eshitsak, ko'zlarimiz (uni ko'rishga), quloqlarimiz eshitishga shoshardi. Odamlar to'g'ri va noto'g'ri yo'llarga yuraveradigan bo'lib ketganidan keyin odamlardan faqatgina bilgan narsalarimizni oldik, xolos”, dedi”.

    Muhammad ibn Siyrin: “Albatta, ilm – dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qarang”, deydi.

    YAna Ibn Siyrin: “Ilgari odamlar sanad haqida so'ramas edi. Qachonki, fitnalar sodir bo'lgach, bizga “Hadis gapiruvchi kishilaringizni nomma-nom ayting”, deydigan bo'lishdi. Bas, ahli sunnaga qarab, ulardan hadis olinar edi. Ahli bid'atga qarab, hadislari olinmas edi”, deydi.

    Abdulloh ibn Muborak: “Hadisdagi sanad (ya'ni falonchi pistonchidan rivoyat qilgan, deb nomma-nom zikr qilish) dindandir. Agar sanad bo'lmasa, xohlagan kishi xohlagan narsasini aytaveradi”, deydi (Barchasi “Sahihi Muslim” muqaddimasidan).

    Bunday misollar ko'p uchraydi. Demak, hadis rivoyati shunchaki oddiy gap kabi bo'lmagan, unga juda katta ahamiyat berilgan.

    SHu tariqa tobeinlar va keyingi allomalar hadislarni yozishda yuqorida kelgan ma'lumotlar asosida avval sinchiklab, saralab olishga qat'iy kirishib, keyingi ummatga sof va ishonchli bo'lgan hadis asarlarini meros qilib qoldirdi.

    Qodirxon MAHMUDOV,

    Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

    ilmiy xodimi