Hafta davomida ayrim joylarda chang-toʻzon kuzatilishi kutilmoqda

    Ertadan havo harorati koʻtarila boshlaydi va hafta oʻrtasida kunduz kunlari havo +35...+38 darajagacha, janubda va choʻl hududlarda +40...+42 darajagacha isiydi.

    Ish haftasi oxiriga borib, salqin havoning yana bir qismi kirib kelishi hisobiga harorat +30...+32 darajagacha pasayadi.

    Respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 13–18 metr/soniyagacha kuchayishi, chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi kutilmoqda. 22–23-mayda ayrim joylarda baʼzida shamol 20–22 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.

    Togʻ oldi va togʻli hududlarda 22–23-may kunlari baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

    Toshkent shahrida 19–23-may kunlari havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan oʻzgaruvchan boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi.

    Bugun kunduzi harorat +28...+30 daraja boʻladi, 20–22-mayda asta-sekin +35...+38 darajagacha koʻtariladi, 23-mayda +30...+32 daraja boʻladi.

    22–23-may kunlari shamol tezligi 12–15 metr/soniyagacha kuchayishi, baʼzi joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.